LOYIHALARIMIZ
Ozarbayjon Respublikasining O'zbekistondagi elchixonasi huzuridagi Haydar Aliyev nomidagi Madaniyat Markazi ikki mamlakat o'rtasida gumanitar sohada - madaniyat, axborot, matbuot, ta'lim, adabiy aloqalar, sayyohlik sohasidagi ikki tomonlama hamkorlikni kengaytirishga qaratilgan ko'plab tadbir va loyihalarni amalga oshirmoqda.
Ikki mamlakat do'stligini targ'ib qilish maqsadida Ozarbayjon Madaniyat Markazi targ'ibot tadbirlari, madaniyat, adabiyot, kino kunlari, rasmlar ko'rgazmalari, do'stlik kontsertlari, pazandalik festivallari, anjumanlar, mashhur shoir va yozuvchilar bilan uchrashuvlar tashkil etadi, har ikki mamlakat madaniyati va adabiyoti haqidagi kitoblar, tarjima loyihalarini amalga oshiradi.
Targ'ibot ishlarini samarali olib borish maqsadida tanlovlar muntazam o'tkazilib, O'zbekiston matbuotida ikki mamlakat do'stligi haqida ko'plab maqolalar chop etilmoqda, virtual olamda "Ozarbayjon segmenti" haqida ma'lumotlar ko'paytirishni ta'minlamoqda, Ozarbayjonda o'zbek jurnalistlarining media-sayohatlari amalga oshirilmoqda, shuningdek, O'zbekistonning turli yirik tarixiy shaharlarida milliy madaniyatga oid tanishtirish va taqdimot tadbirlari tashkil etilmoqda.
Turizm sohasi doimiy e'tiborda. Sayyohlarni jalb etish maqsadida O'zbekiston va Ozarbayjonda o'tkazilayotgan xalqaro sayyohlik ko'rgazma va yarmarkalarda o'zaro ishtirok etish qo'llab-quvvatlanib, yil davomida O'zbekistonda Ozarbayjonning turli sayyohlik markazlarining taqdimotlari o'tkazilmoqda. O'zbekiston telekanallari Ozarbayjon haqidagi ko'plab dasturlarni efirga uzatishda yordam ko'rsatmoqda.
Ozarbayjon Madaniyat Markazi mahalliy ozarbayjonlarning tashabbuslarini qo'llab-quvvatlaydi, O'zbekistonda yashab ijod etgan mashhur ozarbayjonlarning xotirasini abadiylashtiradi, ularning merosini keng targ'ib qiladi.