Ozarbayjon Respublikasining O'zbekiston Respublikasidagi elchixonasi huzuridagi Haydar Aliyev nomidagi Ozarbayjon Madaniyat Markazi Ozarbayjon Respublikasining O'zbekiston Respublikasidagi elchixonasi huzuridagi Haydar Aliyev nomidagi Ozarbayjon Madaniyat Markazi Ozarbayjon va O'zbekiston gerbi
На главную Bizga yozing Sayt xaritasi

Ozarbayjon-O'zbekiston Do'stlik Muzeyi



Oʻzbekistondagi Haydar Aliyev nomidagi Ozarbayjon Madaniyat markazida Ozarbayjon xalqining Umummilliy lideri Haydar Aliyev tavalludining 100 yilligiga bagʻishlangan Ozarbayjon-Oʻzbekiston Doʻstlik muzeyining ochilish marosimi boʻlib oʻtdi.

Dastlab tadbir ishtirokchilari Madaniyat markazi oldidagi Umummilliy lider Haydar Aliyev byusti poyiga gullar qoʻyishdi.

Muzeyning ochilish tasmasi kesilib, mehmonlar muzeyning turli boʻlimlari va eksponatlari bilan tanishdilar. Marosimni Oʻzbekistondagi Haydar Aliyev nomidagi Ozarbayjon Madaniyat markazi direktori Samir Abbasov kirish soʻzi bilan ochar ekan, Umummilliy lider Haydar Aliyevning 100 yilligiga bagʻishlangan Doʻstlik muzeyi, xalqlarimiz va davlatlarimiz oʻrtasidagi tarixiy doʻstlik hamda qardoshlik rishtalari haqida toʻxtalib oʻtdi. Ozarbayjon uchun Oʻzbekiston bilan munosabatlar doimo muhim boʻlib kelgani, davlat rahbarlarining uchrashuvlari, kundan-kunga rivojlanib borayotgan hamkorligimiz strategik sheriklik darajasiga koʻtarilganiga urgʻu qaratdi.

Samir Abbasov Ozarbayjon Madaniyat markazi tomonidan uzoq yillar davomida amalga oshirilgan Ozarbayjon-Oʻzbekiston Doʻstlik muzeyidagi ishlar yaqinda yakunlangani, muzeydan Ozarbayjon va Oʻzbekistonning tarixiy doʻstligi, umumiy qadriyatlar, davlat ramzlari, xaritalar, milliy madaniy meros, xalqlarimizning yaqinligi aks etgan burchak va eksponatlar, maketlar, qiziqarli nashrlar joy olganini taʼkidladi. U buyuk davlat rahbari Haydar Aliyevning mamlakatlarimiz oʻrtasidagi munosabatlar, doʻstlik va hamkorlikni yoʻlga qoʻyishdagi bebaho yutuqlarini qayd etib, aynan shu sababdan muzeyning ochilishi Ozarbayjon xalqining milliy yetakchisi Haydar Aliyevning 100 yilligiga bagʻishlanganini bildirdi.

Tadbirda soʻzga chiqqan Oʻzbekiston Oliy Majlisi deputati Gulbahor Saidgʻanieva buyuk ajdodlarimizdan bizga meros boʻlib qolgan ozarbayjon va oʻzbek xalqlari oʻrtasidagi tarixiy doʻstlik Nizomiy Ganjaviy va Alisher Navoiy, Muhammad Fuzuliy kabi tarixiy shaxslar timsolida qadimiy ildizlarga ega ekani, Umummilliy lider Haydar Aliyev hamda Oʻzbekiston ulugʻ davlat arbobi Sharof Rashidov oʻrtasida rivojlangani, endilikda esa Ozarbayjon Prezidenti Ilhom Aliyev va Oʻzbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning oqilona siyosati natijasida bu munosabatlar tarixiy pallalarni oʻtkazayotgani soʻzladi.

Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Xalqaro munosabatlar va xorijiy davlatlar bilan doʻstona munosabatlar qoʻmitasi raisining oʻrinbosari Azamat Toshov davlatlarimiz sermillatli va koʻp madaniyatli davlatlar ekanligini taʼkidlab, mamlakatlarimizda turli xalqlar oʻzaro hurmat, tinchlik, mehr-oqibat va bagʻrikenglik tamoyillari asosida yashayotganiga urgʻu qaratdi. U madaniy aloqalarimiz haqida soʻzlar ekan, unda Toshkentdagi Haydar Aliyev nomidagi Ozarbayjon Madaniyat markazining alohida oʻrni borligini eʼtirof etdi. Azamat Toshov muzeyga Oʻzbekistonning mashhur ozarbayjonlari byustlari oʻrnatilishi, ular haqida maxsus boʻlim yaratilganini yuqori baholadi.

Shundan soʻng, Toshkent Davlat Sharqshunoslik universiteti rektori Gulchohra Rixsiyeva, Oʻzbekiston jurnalistika va ommaviy kommunikatsiyalar universiteti rektori, Xalqaro press klub rahbari Sherzodxon Qudratxoʻja oʻz nutqlarida ochilgan Doʻstlik muzeyi oʻzida madaniy-adabiy, doʻstlik aloqalari, koʻplab mushtarak qadriyatlar, urf-odatlar va anʼanalar, koʻrgazmali qurollar, noyob eksponatlar va burchaklar yordamida ko'plab umumiy qadriyat hamda anʼanalarimizni namoyish eta olganiga eʼtibor qaratishdi.

Ular muzey ikki qardosh xalqning mushtarak qadriyatlari – tilimiz, dinimiz, urf-odat va anʼanalarimiz, qadimiy va zamonaviy davrlarni bir makonda qayta tiklaganini qayd etib, muzeyning buyuk tarixiy shaxs Haydar Aliyevning yubileyi munosabati bilan ochilishi ham ikki xalq uchun tarixiy ahamiyatga ega ekanligini taʼkidlashdi.

Oʻzbekiston Davlat Tarix muzeyi direktori Jannat Ismoilova yuksak muzeyshunoslik didi va ijodiy gʻayrati bilan bunyod etilgan ushbu muzey kelgusida yangi muzeylar yaratish uchun namuna sifatida juda foydali boʻlishini bildirdi. U ushbu Doʻstlik muzeyi tufayli ikki xalq va davlat oʻrtasidagi tarixiy doʻstlik, qarindoshlik, hamkorlikni keng tarannum etuvchi noyob markaz yaratilgani, unda namoyish etilayotgan eksponatlar puxta va mantiqiy tashkil etilgani, tashrif buyuruvchiga ijobiy taʼsir koʻrsata oladigan muvaffaqiyatli taqdimot turi tanlanganini eʼtirof etdi.

Doʻstlik muzeyidan davlat rahbarlarimiz Ilhom Aliyev va Shavkat Mirziyoyevning uchrashuvlari, ularning mamlakatlarimiz oʻrtasidagi tarixiy doʻstlik hamda qardoshlik, xalqlarimizning yaqinlik haqidagi g'oya va shiorlari, 2020-yilda Ozarbayjonning Oliy Bosh Qoʻmondoni Ilhom Aliyev rahbarligida qahramon armiyamizning Vatan sarhadlarini armanlar istilosidan ozod etilishiga doir fotostendlar ham joy olgan.

Muzeyning markaziy qismida ozarbayjon va oʻzbek xalqlarini birlashtirgan qadriyatlarga doir Ozarbayjon rassomlari tarafidan chizilgan noyoy suratlar, shuningdek, xalqlarimizning umumiyligini koʻrsatuvchi tilimiz, dinimiz, milliy bayramimiz boʻlgan Navroʻz, mugʻom hamda maqom sanʼati, oshiq va baxshichilik sanʼati, har ikki oʻlkada oʻtkaziladigan xalqaro musiqa festivallarining stendlari, burchaklar, modellar, liboslar, milliy musiqa asboblari va koʻplab eksponatlar namoyish etilgan.

“Oʻzbekistondagi taniqli ozarbayjonlar” boʻlimida qardosh Oʻzbekistonning ijtimoiy, madaniy hayotida faol ishtirok etgan Sayyid Rzo Alizoda, shoirlar Maqsud Shayxzoda, Ixtiyor Rzo, davlat arbobi Oydin Azimbekov, haykaltarosh Eynulla Aliyev, rassom Yusuf Huseynovning byustlari, ularning asarlari va shaxsiy buyumlariga guvoh boʻlish mumkin.

Marosimda Ozarbayjon-Oʻzbekiston Doʻstlik muzeyining ochilishi jamiyatimiz va yosh avlod uchun tarixiy doʻstlik va hamkorlikni, xalqlarimiz yaqinligini namoyish etib, umumiy madaniy qadriyatlarimizni keng targʻib qilish uchun koʻprik vazifasini oʻtashi taʼkidlandi.
Muzey haftasiga 6 kun (yakshanba kunlaridan tashqari), har kuni soat 10:00 dan 18:00 gacha ishlaydi.





Azərbaycan xalqının ümummilli lideri Heydər Əliyev Azərbaycan Respublikasının Prezidenti Azərbaycan Respublikasının Xarici İşlər Nazirliyi Azərbaycan Respublikasının Mədəniyyət və Turizm Nazirliyi Azərbaycan Respublikasının Özbəkistan Respublikasındakı Səfirliyi Azərbaycana aid portal
© © 2013 - 2018 Азербайджанский Культурный Центр имени Гейдара Алиева при посольстве Азербайджана в Узбекистане
Узбекистан, г. Ташкент, Мирабадский р-н, ул. Гейдара Алиева 9
Тел.: (+99871) 293 53 56; (+99871) 293 52 89
E-mail: culcenter.az@gmail.com
Студия Progint