XABARLAR 2022
Toshkentda “O‘zbekiston va Ozarbayjon: Qardosh va ittifoqdosh davlatlar” tadbiri bo‘lib o‘tdi.
Toshkent shahar Xalq ta'limi bo‘limiga qarashli Mirzo-Ulug‘bek tumani 210-sonli maktabda “O‘zbekiston va Ozarbayjon: Qardosh va ittifoqdosh davlatlar”tadbiri doirasida ikki mamlakat o‘rtasidagi do‘stona munosabatlarga bag‘ishlangan tadbir bo‘lib o‘tdi.
O‘zbekistondagi Haydar Aliyev nomidagi Ozarbayjon Madaniyat Markazidan ma'lum qilishlaricha, tadbirda tuman Xalq ta'limi bo‘limi vakillari, Ozarbayjon Madaniyat Markazi xodimlari, maktab o‘qituvchilari va o‘quvchilari, yoshlar ishtirok etdi.
Maktab foyesida "Olovlar yurti - Ozarbayjon" mavzusida kitob ko‘rgazmasi tashkil etildi. Ko‘rgazmada Ozarbayjon Madaniyat Markazi loyihasiga asosan o‘zbek va ozarbayjon tillarida chop etilgan nashrlar namoyish etildi. Nashrlar orasida tarixda ilk marotaba o‘zbek tiliga tarjima qilingan daho Nizomiy Ganjaviyning "Xamsa" asari, Ozarbayjoncha-O‘zbekcha, O‘zbekcha-Ozarbayjoncha lug‘ati va so‘o‘lashuv kitoblari, Ozarbayjon davlatchiligi, tarixi, madaniyati, adabiyoti, turizmiga oid qiziqarli nashrlar joy olgan.
Stendda Ozarbayjon milliy suvenirlari, Madaniyat markazi qoshidagi hunarmandchilik to‘garagi o‘quvchilari yasagan san'at buyumlari, Ozarboyjonning milliy liboslari, shuningdek, davlat ramzlari – mamlakatlarimiz bayroqlari namoyish etildi.
Tadbir avvalida, 210-maktab direktori Shoira Pataxova bilan qardosh va ittifoqdosh davlatlar-O‘zbekiston va Ozarbayjon o‘rtasidagi tarixiy aloqalar, kelib chiqishi bir xil bo‘lgan xalqlarimizning mushtarak qadriyatlari, shuningdek, lingvistik, diniy, madaniy yaqinligi haqidagi fikrlari bilan o‘rtoqlashdi. U kelajak avlod farzandlariga bu do‘stlik ota-bobolarimizning omonati ekanligini ta'kidladi.
Ozarbayjon Madaniyat Markazi Kutubxona va axborot markazi rahbari Kifoyat Pirmammedova o‘z nutqida ikki qardosh mamlakat madaniyatlarining o‘xshashligi, tillarning yaqinligi, xalqlarimizning umumiy ildizlari, tarix qa'rida boshlangan va bugungi kungacha davom etayotgan uzviy va samimiy do‘stlik haqida gapirdi. Do‘st va ittifoqdosh mamlakatlarimizning tarixi, mustaqilligi, boy madaniyati haqida so‘z yuritdi.
Tadbirda o‘quvchilar Ozarbayjonning sevimli va mashhur filmlaridan sahna ko‘rinishlarini namoyish etdilar, ozarbayjon va o‘zbek milliy raqslarini ijro etdilar, buyuk Ozarbayjon shoiri Nizomiy Ganjaviy va o‘zbek shoiri Alisher Navoiy asarlaridan she'r va hikmatli so‘zlarni o‘qidilar.
Tadbir doirasida o‘zbek va ozarbayjon tillarida ikki xalq maqollari aytildi, sevimli she'rlari o‘qildi.
28.10.2022