XABARLAR 2022
O‘zbekistondagi Haydar Aliyev nomidagi Ozarbayjon Madaniyat Markazi va ushbu mamlakatning Sirdaryo viloyatidagi Ozarbayjon diasporasi tashkiloti o‘rtasidagi hamkorlik muhokama qilindi.
O‘zbekistondagi Haydar Aliyev nomidagi Ozarbayjon Madaniyat Markazi direktori Samir Abbasov va Sirdaryo viloyati bo‘yicha Ozarbayjon diasporasi tashkiloti bo‘lgan Respublika Ozarbayjon Milliy Madaniyat markazi raisi Azizog‘a Bayramov o‘rtasida uchrashuv bo‘lib o‘tdi.
Uchrashuvda O‘zbekistonda milliy madaniyatimiz targ‘iboti, Sirdaryo viloyatidagi mahalliy diaspora tashkiloti faoliyati, hamkorlik masalalari hamda istiqboldagi rejalar muhokama qilindi.
Samir Abbasov, avvalo, O‘zbekiston bilan madaniy sohada hamkorlik rivojlanayotgani, amalga oshirilgan ishlar, o‘tkazilgan madaniyat kunlari haqida ma'lumot berib, Ozarbayjon Madaniyat Markazi tomonidan 2019 yilda Sirdaryo viloyati Guliston shahrida tashkil etilgan Ozarbayjon madaniyati kunlari haqida so‘zlab berdi. U yurtdoshlarimiz qardosh O‘zbekiston manfaati yo‘lida mehnat qilishlari bilan birga, ikki davlat o‘rtasidagi do‘stlik ko‘prigini mustahkamlash va bu borada faollik ko‘rsatishlari muhimligini ta'kidladi. Ozarbayjon va O‘zbekiston davlatlari mamlakatda istiqomat qilayotgan xalqlar uchun barcha shart-sharoitlarni yaratib berayotganini, ularning madaniyatini rivojlantirayotganini ta'kidladi.
Azizog‘a Bayramov Ozarbayjon Madaniyat Markazi bilan hamkorlikda ikki mamlakat o‘rtasida yirik madaniy loyihalarni amalga oshirishga, O‘zbekistonda tadbirlar o‘tkazishga qiziqish bildirdi, Haydar Aliyev nomidagi Ozarbayjon Madaniyat Markaziga milliy madaniyatimizni professional
va tizimli ravishda targ‘ib qilgani uchun minnatdorchilik bildirdi. Uning ta'kidlashicha, Sirdaryo viloyatida 3 mingdan ziyod ozarbayjonlik vatandoshlarimiz istiqomat qiladi, O‘zbekiston davlati o‘z madaniyatini asrash va rivojlantirish uchun barcha shart-sharoitlarni yaratib bergan. Diaspora rahbari Sirdaryo shahrida madaniyat markazlari uchun qurilishi yakunlanayotgan binoda ularning faoliyati uchun maxsus xonalar berilishinini qayd etib, milliy madaniyatimizni targ‘ib qilish uchun ko‘rgazmali qurollarga jiddiy ehtiyoj borligini ta'kidladi. U Ozarbayjon va O‘zbekiston o‘rtasidagi do‘stlik va hamkorlik kun sayin rivojlanib borayotganidan mamnunligini bildirdi.
Uchrashuv yakunida Haydar Aliyev nomidagi Ozarbayjon Madaniyat Markazi Sirdaryo viloyatidagi Ozarbayjon diasporasi tashkilotiga mamlakatimiz haqidagi kitoblar to‘plamini taqdim etdi.
To‘plamdan Madaniyat Markazining " Ozarbayjon adabiyoti o‘zbek tilida" loyihasi doirasida chop etilgan kitoblar, Ozarbayjon tarixi, madaniyati, sayyohlik salohiyati, adabiyotiga oid ko‘plab nashrlar o‘rin olgan. Hadya qilingan kitoblar orasida milliy rahbar Haydar Aliyev hayoti va faoliyati, Ozarbayjon Prezidenti Ilhom Aliyev tomonidan amalga oshirilayotgan islohotlar bilan bog‘liq nashrlar, shuningdek Haydar Aliyev jamg‘armasi loyihasi doirasida mamlakatimiz haqidagi bosma nashrlar mavjud.
Samir Abbasov kelajakda Sirdaryo viloyatida Ozarbayjon madaniyati kunlarini o‘tkazishni qo‘llab-quvvatlashini, mintaqaviy tashkilotga Ozarbayjon haqidagi ko‘rgazmali qurollar va nashrlarni yetkazib berishini ta'kidladi.
16.06.2022