XABARLAR 2022
Ozarbayjon va O‘zbekiston o‘rtasida teatr sohasidagi aloqalar kengaymoqda, Toshkentda rejissyor Askar Askarovning “Qaynona” spektakli sahnalashtiriladi.
O‘zbekistondagi Haydar Aliyev nomidagi Ozarbayjon Madaniyat Markazi direktori Samir Abbasov ushbu mamlakatga tashrif buyurgan Ozarbayjon Davlat Akademik Musiqali Teatri direktori, dotsent Aligismet Lalayev bilan uchrashuv o‘tkazdi.
Uchrashuvda Ozarbayjon va O‘zbekiston o‘rtasidagi teatr sohasidagi aloqalarni kengaytirish, O‘zbekiston teatr sahnalarida Ozarbayjon asarlarini namoyish etish, teatr sohasida mutaxassislarning o‘zaro almashinuvini tashkil etish masalalari muhokama qilindi.
Aligismet Lalayev ko‘p yillik ilmiy izlanishlar natijasida tayyorlangan "Ozarbayjon va O‘rta Osiyo o‘rtasidagi teatr aloqalari" kitobini Ozarbayjon Madaniyat Markazi direktori Samir Abbasovga sovg‘a qildi.
S. Abbasov ushbu tadqiqot asariga yuqori baho berar ekan, ozarbayjonlarning Turkiston, O‘zbekiston madaniy hayotida doimiy faol ishtirok etishini ta'kidlab, bu asar Madaniyat Markazining loyihasiga ko‘ra o‘zbek tiliga tarjima qilinishi va nashr etilishini maqsadga muvofiq ekanligini aytib o'tdi.
Uchrashuvda Ozarbayjon Madaniyat Markazi qoshidagi "Faxriy artist Kaykep Aliyeva nomidagi Ozarboyjon qizlari" raqs ansambli faoliyati haqida ma'lumot taqdim etgan S. Abbasov O‘zbekistonda Ozarbayjon milliy raqslarini targ‘ib va tashviq qilish ishlari haqida gapirar ekan, ozarbayjonlik mutaxassislar tomonidan mahorat darslari o‘tkazish zarurligini ta'kidladi.
A. Lalayev Boku xoreografiya Akademiyasi mutaxassislarining Ozarbayjon Madaniyat Markazida mahorat darslarini o‘tkazish va bu yo‘nalishdagi hamkorlik to‘g‘risidagi fikrlari bilan o‘rtoqlashdi.
Uchrashuvda Ozarbayjonda xizmat ko‘rsatgan san'at xodimi rejissyor Askar Askarov ham ishtirok etdi.
Muhokamalar davomida rejissyor Askar Askarov rahbarligida O‘zbekistonda sahnalashtirilgan "Qaynona" spektaklining Samarqandda, shuningdek, kelajakda Toshkentdagi Ozarbayjon Madaniyat Markazida sahnalashtirilishi muhokama qilindi.
Uchrashuv so‘ngida Ozarbayjon Madaniyat Markazi muzeylari bilan tanishish bo‘lib o‘tdi va esdalik uchun fotosurat olindi.
31.08.2022