XABARLAR 2023
O‘zbekistonda Ozarbayjonning buyuk shoiri
Nizomiy Ganjaviyga bag‘ishlangan xalqaro
ilmiy konferensiya o‘tkazildi.
O‘zbekistondagi Haydar Aliyev nomidagi Ozarbayjon Madaniyat Markazining tashabbusi va loyihasi asosida Nizomiy nomidagi Toshkent davlat pedagogika universiteti bilan birgalikda Ozarbayjon, Turkiya va O‘zbekiston olimlarining ishtirokida “Nizomiy Ganjaviy ijodida turkiylik mafkurasi” mavzusida xalqaro ilmiy konferensiya tashkil etildi.
Ozarbayjon Madaniyat Markazida o‘tkazilgan konferensiyada ishtiokchilar dastavval markazning foyesida tashkil etilgan “Nizomiy Ganjaviydan boshlangan Sharq uyg‘onish davri” nomli kitob ko‘rgazmasi bilan tanishdilar. Ko‘rgazmada buyuk shoirning ozarbayjon tilidagi asarlaridan tashqari, Ozarbayjon Madaniyat Markazining O‘zbekistonda o‘zbek tilida nashr ettirgan asarlari kitobxonlar e’tiboriga taqdim etildi.
O‘tkazilgan konferensiyada Ozarbayjon, Turkiya va O‘zbekistonning Nizomiyshunos olimlari, Toshkentdagi oliy ta’lim muassasalari pedagoglari, ilmiy tashkilotlarning tadqiqotchilari, ilmiy xodimlar, muallim va talabalar ishtirok etishdi.
Konferensiyani kirish so‘zi bilan ochib bergan O‘zbekistondagi Haydar Aliyev nomidagi Ozarbayjon Madaniyat Markazining direktori Samir Abbosov Nizomiy ijodkorligining Ozarbyajon va turkiy dunyo madaniyati, adabiyotining g‘ururi bo‘lganini ta’kidlab, davlatimizning doim daho, buyuk mutafakkir merosining o‘rganilishi, uning asarlari tadqiqi, nashri va targ‘ibotining diqqat markazida tutganini bildirdi. U Prezident Ilhom Aliyev tomonidan 2021-yilda daho mutafakkir Nizomiy Ganjaviyning 880 yilligi munosabati bilan “Nizomiy Ganjaviy yili” sifatida e’lon qilinganini va bu munosabat bilan daho shoirga bag‘ishlangan ko‘plab loyihalarning, tadqiqotlarning amalga oshirilgani haqida gapirdi. Diplomat Ozarbayjon Prezidenti Ilhom Aliyev Nizomiy Ganjaviyni “insoniyatning badiiy fikr solnomasida yangi sahifalar ochgan, xalqimiz ma’naviyatining ajralmas qismiga aylangan qudratli so‘z va fikr ustozi o‘laroq, uning boy ijodiy merosi inson madaniyati yutug‘i” sifatida baholanganini aytib o‘tdi.
Nizomiy nomidagi Toshkent davlat pedagogika universiteti rektori, professor Abdug‘affor Qirg‘izboyev Ozarbayjonning buyuk shoiri Nizomiy Ganjaviy ijodini Turkiy dunyo bilan birga butun Sharq olamiga buyuk ta’sir ko‘rsatganini va bu ta’sirning adabiyot bilan birga madaniyat, musiqa, falsafiy tafakkurda ham namoyon bo‘lgani haqida aytib o‘tdi. Ozarbayjon xalqining dunyoga baxsh etgan buyuk shoiri Nizomiy Ganjaviy ijodiyoti turkiy tilli xalqlar she’riyati shakllanishida muhim ahamiyatini gapirgan Abdug‘affor Qirg‘izboyev shoir adabiy merosining targ‘iboti borasida O‘zbekistonda ham muhim ishlar amalga oshirilganini gapirdi. O‘zbekistonda Nizomiy Ganjaviy ijodiga yuksak baho berilganini bildirgan rektor o‘lkaning eng nufuzli oliy ta’lim muassasasidan biriga Ozarbayjonning daho shoiri Nizomiy Ganjaviy nomi berilgani va Toshkentda shoirning byusti o‘rnatilgani haqida so‘zladi.
Chiqish qilgan Alisher Navoiy nomidagi Toshkent davlat o‘zbek tili va adabiyoti universiteti kafedra mudiri, professor Nurboy Jabborov, Nizomiy nomidagi Toshkent davlat pedagogika universiteti kafedra mudiri, professor Erkin Nuriddinov Nizomiy Ganjaviy ijodidan Turkiy dunyoning buyuk shoirlari Alisher Navoiy, Muhammad Fuzuliy va boshqa shoirlar ilhomlangani, uning bebaho ijodidan bahramand bo‘lgani haqida gapirib, ayni bir ildiz, tushuncha va fikrga molik bu kabi donishmandlarning bir-biriga yaqin bo‘lishi sababi sifatida ularning turkiy xalqlarga mansub ekanligi deya alohida fikr bildirdilar.
Boshqa ma’ruzachilar Ozarbyajon Fanlar akademiyasining Muhammad Fuzuliy nomidagi qo‘lyozmalar instituti ilmiy kotibi, dotsent Azizog‘a Najafov “Nizomiy Ganvaviyning turkiy xalq farzandi ekanligi inkor etib bo‘lmas haqiqatdir” nomli ma’ruzasida shoirning ozarbayjonlik turkiy xalq vakili ekani va asarlaridagi turkiylik mafkurasining eng go‘zal asosi sifatida shoirning o‘zi qalamga olgan asarlarining qimmatli manba bo‘lganini ta’kidladi. U Nizomiy asarlarining qahramonlari turkiy xalq obrazi ekanini ta’kidlab, shoirning turkiy tilda ham devoni borligi haqida ma’lumot berdi.
Ilmiy ma’ruzalar bilan davom etgan konferensiyada Turkiyadan kelgan olim, dotsent, doctor Fikriy Aydemir “Turkiyada Nizomiy Ganjaviy tadqiqotlari” mavzusida ma’ruza, ozarbayjonlik olimlardan filologiya fanlari bo‘yicha falsafa doktori Tunzola Sayfullayeva “Turk badiiy adabiyotida Nizomiy Ganjaviyning ta’siri” mavzusida, filologiya fanlari bo‘yicha falsafa doktori Alimuxtor Muxtorov “Nizomiy Ganjaviyning nasl shajarasi va yashagn tarixiy hududi”, o‘zbekistonlik olimlardan dotsent Salimaxon Eshanova “O‘zbekiston Fanlar akademiyasining Sharqshunoslik institutidagi Nizomiy Ganjaviy qo‘lyozmalarining tasnifi” mavzusida, dotsent Mahbuba O‘razboyeva “Nizmoy Ganjaviy “Xamsa”sining o‘zbek tiliga tarjimalari” mavzusidagi ma’ruzalar bilan chiqish qildilar.
Chiqish qilgan ishtirokchilar Nizomiy Ganjaviy me’rosining tadqiqi va targ‘iboti borasida bir qancha qiziqarli takliflar bildirdilar. Ma’ruzachi olimlar har yilning mart oyi boshlarida Nizomiy Ganjaviy tavallud kuni munosabati bilan Ganja shahrida, shuningdek Ozarbayjonda va dunyoda Nizomiy Ganjaviy kunlarining o‘tkazilishi, bu mavzuda ilmiy tadqiqotlarning ko‘payishi, hammualliflikda asarlarning, monografiyalarning yozilishi, tadris jarayonida Nizomiy ijodiga keng o‘rin berilishi, daho shoirga oid qo‘lyozmalarning tadqiq qilinishi, miniatyuralarning keng foydalanilishi va boshqa takliflarni ilgari surdilar.
Konferensiyaning yakuniy natijasi o‘laroq O‘zbekistondagi Haydar Aliyev nomidagi Ozarbayjon Madaniyat Markazi qoshida Nizomiy Ganjaviy ijodining dunyoga tanitilishi, tadqiqi va targ‘ibotini amalga oshirish maqsadida Turkiy dunyo Nizmoyshunos olimlaridan iborat “Xalqaro Nizomiyshunoslar ilmiy tadqiqot jamiyati” ta’sis etilgan va uning kelajakdagi faoliyat strategiyasi muhokamalar, muzokaralar asosida qabul qilingan.
Konferensiyaning ma’ruzalaridan keyin tadbir ishtirokchilariga Nizomiy Ganjaviyning hayoti va ijodi haqidagi “Ozarbayjonda porlagan quyosh” nomli hujjatli film namoyish etildi.
21.12.2023