XABARLAR 2023
Oʻzbekistondagi Ozarbayjon Madaniyat markazida
Navroʻz bayrami nishonlandi.
Oʻzbekistondagi Haydar Aliyev nomidagi Ozarbayjon Madaniyat Markazida Navro'z bayrami munosabati bilan bayram tadbiri boʻlib oʻtdi.
Tadbirda Ozarbayjonning Oʻzbekistondagi elchixonasi, Ozarbayjon Madaniyat Markazi xodimlari, Oʻzbekiston madaniyat, adabiyot va sanʼat namoyandalari, mahalliy ozarbayjonliklar, Toshkentdagi oliy oʻquv yurti oʻqituvchi va talabalari, jurnalistlar ishtirok etdi.
Ozarbayjon Madaniyat markazi foyesida tashkil etilgan “Bahor nafasli Navroʻz” nomli koʻrgazmada Navroʻz bayrami, Ozarbayjonning maftunkor tabiati aks etgan fotosuratlar, shuningdek, ulugʻ yoʻlboshchi Haydar Aliyevning hayoti va ijodi, Ozarbayjon Prezidenti Ilhom Aliyevning iqtisodiy islohotlari va milliy madaniyatimizga oid suvenirlar namoyish etildi. Ishtirokchilar Navroʻzga oid bayram taomlar, shirinliklar, shakarbura, paxlava bilan mehmon qilindi.
Avvalo, tadbir ishtirokchilarini Navroʻz bayrami Ozarbayjon Respublikasining Oʻzbekiston Respublikasidagi elchisi Husayn Guliyev muborakbod etib, milliy bayramimiz hisoblangan Navroʻz Ozarbayjonda, Oʻzbekistonda, shuningdek, turkiy dunyo mamlakatlarida nishonlanishi, umumiy bayram til, din, anʼana, madaniyat, urf-odatlar kabi xalqlarimizni birlashtirishini, mamlakatlarimiz oʻrtasidagi diplomatik aloqalarning kengayib borayotgani qardosh xalqlar oʻrtasidagi munosabatlarga ham ijobiy taʼsir koʻrsatayotganini qayd etdi.
Oʻzbekiston-Ozarbayjon Doʻstlik Jamiyati Ijrochi direktori, professor Erkin Nuriddinov qardosh xalqlarning azaliy qadriyati boʻlgan Navroʻz ayyomi bilan qutlar ekan, ushbu milliy bayramning birgalikda nishonlanishi tarixiy madaniy ildizlarimiz naqadar yaqin ekanining yana bir yorqin ifodasi ekaniga urgʻu qaratdi.
Bayram tabriklaridan soʻng, Ozarbayjonda Navroʻz bayramini nishonlash aks ettirilgan film namoyish etildi.
Tadbirning badiiy qismida Ozarbayjon Madaniyat markazi tasarrufidagi “Xizmat koʻrsatgan artist Kaykep Aliyeva nomidagi Ozarbayjon qizlari” raqs ansambli ishtirokchilari tomonidan milliy hamda bahoriy raqslar taqdim etildi. Shuningdek, ozarbayjonlik ijrochilar Vohid Aliyev va Fotima Iskandarova, xalqaro mukofotlar sovrindori Sarvinoz Kamalova tomonidan ozarbayjon va oʻzbek qoʻshiqlari ijro etildi.
18.03.2023