XABARLAR 2023
Oʻzbekistonda Umummilliy Lider Haydar Aliyevning 100 yilligi
munosabati bilan koʻplab tadbirlar oʻtkazildi.
Toshkentda Umummilliy Lider tavalludining 100 yilligi munosabati bilan poytaxtdagi Haydar Aliyev park-maydonida Umummilliy Lider haykali yonida tadbir tashkil etildi.
Tadbirda Ozarbayjonning Oʻzbekistondagi elchisi Husayn Guliyev, mamlakat Senati raisining birinchi oʻrinbosari Sodiq Safoyev, tashqi ishlar vaziri Baxtiyor Saidov, madaniyat va turizm vaziri Ozodbek Nazarbekov, Millatlararo Munosabatlar va Doʻstlik Aloqalari Qoʻmitasining raisi Rustam Qurbanov, Oʻzbekistonda faoliyat koʻrsatayotgan elchilar, ilm, madaniyat va sanʼat xodimlari, mahalliy ozarbayjonlar, jamoatchilik vakillari, jurnalistlar ishtirok etdi.
Avvalo, marosim ishtirokchilari Umummilliy Lider Haydar Aliyev parkidagi haykali poyiga koʻplab gulchambar va guldastalar qoʻyib, uning xotirasiga hurmat bajo keltirishdi.
Tadbirni Millatlararo Munosabatlar va Doʻstlik Aloqalari Qoʻmitasining raisi Rustam Qurbanov Rustam Qurbonov kirish soʻzi bilan ochar ekan, Haydar Aliyevning Ozarbayjon xalqi va davlati oldidagi xizmatlari haqida gapirdi. Ozarbayjon va Oʻzbekiston oʻrtasidagi ikki tomonlama munosabatlarning poydevorini milliy rahbar Haydar Aliyev va Oʻzbekistonning birinchi Prezidenti Islom Karimov barpo etganini taʼkidladi. Bugungi kunda Ozarbayjon va Oʻzbekiston davlat rahbarlari Ilhom Aliyev va Shavkat Mirziyoyev ushbu samimiy doʻstona munosabatlarni muvaffaqiyatli davom ettirayotganiga urgʻu qaratildi.
Elchi Husayn Guliyev Ozarbayjonning 1960-yillardan boshlab siyosiy, iqtisodiy, ijtimoiy va madaniy taraqqiyoti Haydar Aliyev nomi bilan bogʻliqligi va Umummilliy Lider mamlakatda taʼlim, infratuzilma, shuningdek, neft va gaz sanoatini rivojlantirishga muhim hissa qoʻshganini qayd etdi. Elchi 1993-yilda Ozarbayjonda hokimiyatga qaytgan Haydar Aliyev mustaqillikni yoʻqotish xavfi bilan yuzma-yuz boʻlgani, mamlakatni chuqur inqirozdan qutqarib, uni jadal rivojlanish yoʻliga boshlab borganini soʻzladi. Bugungi kunda Ozarbayjon erishayotgan muvaffaqiyatlarda Umummilliy Lider Haydar Aliyevning alohida xizmatlari borligi urgʻulandi.
Oʻzbekiston Yozuvchilar Uyushmasi raisi, xalq shoiri Sirojiddin Sayyid Umummilliy Lider Haydar Aliyev Oʻzbekiston bilan munosabatlarga doimo alohida ahamiyat berganiga urgʻu qaratdi. U Umummilliy Liderning Oʻzbekistonga tashrifi, unga Mirzo Ulugʻbek nomidagi Oʻzbekiston Milliy universitetining faxriy doktori unvoni berilgani haqida toʻxtalib, bu buyuk siyosatchi madaniyat, adabiyot, sheʼriyat, sanʼatni yuksak qadrlashining ramzi ekanini taʼkidladi.
Mirobod tumanidagi mahalla raisi Mehribon Rahimova, Oʻzbekistondagi ozarbayjon shoiri Ali Nosirli maʼruzasida Haydar Aliyev nafaqat Ozarbayjon xalqi, balki butun turkiy dunyo uchun noyob shaxs ekani, bu buyuk siyosatchi ajoyib boshqaruv qobiliyatiga ega boʻlgani haqida gapirdi. Haydar Aliyevning Oʻzbekiston bilan munosabatlarga, Oʻzbekiston rahbarlari Sharof Rashidov va Islom Karimov bilan doʻstona munosabatlarga alohida eʼtibor qaratgani, davlatlarimiz oʻrtasidagi munosabatlarni strategik sherik darajasiga koʻtarishda Umummilliy Liderning alohida xizmatlari qayd etildi.
Soʻngra, tadbir ishtirokchilariga Toshkent shahridagi Markaziy Fotosuratlar uyida Umummilliy Lider Haydar Aliyevning hayoti va faoliyatini aks ettiruvchi fotosuratlar koʻrgazmasi taqdim etildi.
Oʻzbekiston Badiiy Akademiyasi rahbari, akademik Akmal Nur koʻrgazmani ochiq deb eʼlon qilar ekan, Umummilliy Lider Haydar Aliyev nafaqat Ozarbayjonda, balki butun turkiy dunyoda mashhur ekani, madaniyat va sanʼatga katta eʼtibor qaratganini alohida qayd etdi.
Qoʻmita raisi Rustam Qurbonov va elchi Husayn Guliyev Ozarbayjonda davlatchilikni mustahkamlashdek murakkab va sharafli vazifani muvaffaqiyatli uddalagan Haydar Aliyev Ozarbayjon xalqi qalbida oʻchmas iz qoldirgani haqida soʻzladi.
Umummilliy Lider Haydar Aliyevning Sovet davrida ham, mustaqillik yillarida ham Vatan va xalq oldidagi misli koʻrilmagan xizmatlari haqida soʻz yuritdilar.
Toshkent shahar Ozarbayjon Madaniyat markazi raisi Xasay Abdullayev Umummilliy Lider Haydar Aliyevni dunyoga mashhur siyosiy arbob, oʻz xalqining sodiq oʻgʻloni, bebaho shaxs sifatida taʼrifladi.
Fotokoʻrgazmada Umummilliy Lider Haydar Aliyevning hayoti va siyosiy faoliyati, shuningdek, Haydar Aliyev Fondi tomonidan Umummilliy Lider merosini abadiylashtirish yoʻlida amalga oshirilayotgan loyihalar haqidagi fotosuratlar taqdim etildi. Koʻrgazma tadbir ishtirokchilarida katta qiziqish uygʻotdi.
11.05.2023