XABARLAR 2023
Oʻzbekistonda “Xalqlarning madaniy anʼanalari va oshxonasi”
nomli xalqaro festivalda Ozarbayjon oshxonasining shoh asari
“doʻlma” birinchi oʻrinni egalladi.
Toshkentning Markaziy Parki (Mirzo Ulugʻbek nomidagi markaziy bogʻ)da oʻtkazilgan “Xalqlarning madaniy anʼanalari va oshxonasi” xalqaro festivali Oʻzbekiston Respublikasi Tashqi Ishlar Vazirligi tomonidan tashkil etildi va tadbirda Ozarbayjon faol ishtirok etdi.
Festivalda Oʻzbekistondagi xorijiy davlatlar elchilari, diplomatlari, xalqaro tashkilotlar namoyandalari, jamoatchilik vakillari, mahalliy ozarbayjonlar, jurnalistlar, Toshkent shahar aholisi qatnashdi.
Tadbirda Ozarbayjon, Turkiya, Buyuk Britaniya, Yevropa Ittifoqi, AQSH, Qozogʻiston, Rossiya, Italiya, Eron, Misr, Saudiya Arabistoni, Janubiy Koreya, Hindiston, Pokiston, Tojikiston, Ukraina va boshqa mamlakatlarning Oʻzbekistondagi elchixonalari hamda madaniyat markazlari ishtirok etdi.
Ushbu tadbirda mamlakatimiz vakili boʻlgan Oʻzbekistondagi Haydar Aliyev nomidagi Ozarbayjon Madaniyat Markazi Ozarbayjon milliy stendini tashkil etdi.
Ozarbayjon Madaniyat Markazi Xalqaro Festivalda bu yilgi ishtirokini Umummilliy Lider Haydar Aliyevning 100 yillik yubileyiga bagʻishladi va shu maqsadda Ozarbayjon pavilyoni yonida Umummilliy Liderga oid foto va nashrlardan iborat shaxsiy koʻrgazma tashkil etildi.
Ozarbayjon uchun ajratilgan burchakda mamlakatimiz bayrogʻi, Umummilliy Lider Haydar Aliyevning hayoti va faoliyati, Prezident Ilhom Aliyev rahbarligidagi mamlakatimizning iqtisodiy rivojlanishi haqidagi kitoblar, “Qorabogʻ haqiqatlari” turkumidagi Haydar Aliyev jamgʻarmasi tomonidan rus va ingliz tillarida chop etilgan nashrlar, Ozarbayjonning tarixi va madaniyati bilan bogʻliq asarlar namoyosh etildi. Festivalda Ozarbayjon madaniyatiga oid suvenirlar, Qorabogʻning milliy erkaklar va ayollar kiyimlari festival ishtirokchilari eʼtiboriga havola qilindi.
Ozarbayjon burchagiga tashrif buyurganlarga mamlakatimiz madaniyati va oshxonasiga oid turli mazmundagi kitob va jurnallar taqdim etildi. Shuningdek, mehmonlarga palov, doʻlma, qutab, dovgʻa, kuku hamda shirinliklar taklif qilindi.
Festivalda qatnashgan mamlakatlar oʻz xalqlarining madaniyati, qoʻshiq va raqslari, milliy taomlarini namoyish etishdi.
Festival doirasida tashkil etilgan konsertda Oʻzbekistondagi Haydar Aliyev nomidagi Ozarbayjon Madaniyat Markazi raqs ansambli aʼzolari milliy raqslarni ijro etishdi.
Turli mamlakat vakillaridan iborat hakamlar hayʼati tomonidan Oʻzbekistondagi Haydar Aliyev nomidagi Ozarbayjon Madaniyat Markazi taqdim etgan Ozarbayjon milliy taomi boʻlgan doʻlma eng totli taom nominatsiyasida birinchi oʻringa loyiq koʻrildi va Festivalning maxsus mukofoti bilan taqdirlandi.
Qayd etish joizki, Xalqaro Festivalda milliy taomlar savdosidan tushgan mablagʻni Oʻzbekistondagi nogiron bolalar maktab-internatlariga xayriya qilish rejalashtirilgan.
30.05.2023