XABARLAR 2023
Toshkentda ozarbayjonlik shoirning Oʻzbekistonda nashr etilgan
sheʼrlar kitobining taqdimoti oʻtkazildi.
Oʻzbekistondagi Haydar Aliyev nomidagi Ozarbayjon Madaniyat Markazining tashabbusi va tashkilotchiligida ozarbayjonlik shoir, Ozarbayjon Yozuvchilar uyushmasining aʼzosi Damad Salmonoʻgʻlining oʻzbek tiliga tarjima qilingan “Oʻzbekiston tuygʻulari” lirik poemasining taqdimoti oʻtkazildi.
Alisher Navoiy nomidagi oʻzbek tili va adabiyoti universitetining Fuzuliy ilmiy-tadqiqotlar Markazida boʻlib oʻtgan marosimda Ozarbayjon va Oʻzbekistonning bir qator ziyolilari, adabiyot namoyandalari, ilmiy xodimlar, talabalar ishtirok etdi.
Qayd etish joizki, Fuzuliy ilmiy-tadqiqotlar Markazi Oʻzbekistondagi Haydar Aliyev nomidagi Ozarbayjon Madaniyat Markazi tomonidan yaratildi va bu yerda Ozarbayjonga oid nashrlar, atributlar, suvenirlar, maʼlumot kitobchalar joy olgan boʻlib, ushbu markaz ilmiy tadqiqotlar, taqdimotlar va kichik tadbirlarni oʻtkazish uchun moʻljallangan.
Fuzuliy ilmiy-tadqiqotlar Markazi rahbari, dotsent Gulbahor Ashurova tadbirni kirish soʻzi bilan ochar ekan, ozarbayjon hamda oʻzbek xalqlari orasidagi adabiy doʻstlik aloqalari, ikki qardosh xalqning adabiyotidagi yaqinlik, oʻxshashlik haiqda toʻxtalar ekan, har ikki xalq ham boy adabiy merosga ega ekanligini taʼkidladi.
Shundan soʻng, chiqish qilgan Ozarbayjon Yozuvchilar uyushmasining raisi maslahatchisi Rauf Aslanov ikki mamlakat orasidagi mavjud aloqalarning yuqori darajada ekanini qayd etib, yangi tarjimalar, yangi nashrlar ushbu aloqalarni yanada mustahkamlashga xizmat qilayotgani, bugun taqdim etilgan ushbu nashr bu boradagi yangi qadam ekaniga urgʻu qaratdi.
Oʻzbekistondagi Haydar Aliyev nomidagi Ozarbayjon Madaniyat Markazi mutaxassisi, filologiya fanlari boʻyicha falsafa doktori Karimulla Mammadzoda Ozarbayjon Madaniyat Markazining loyihalari haqida toʻxtalib, hozirgi kunga qadar Madaniyat Markazi tomonidan 100 dan ortiq tarjima qilingan nashr loyihalari, jumladan, ular orasida Ozarbayjon tarixi, madaniyati, adabiyotiga oid koʻplab asarlar bor ekanini qayd etdi.
Olim shoirning ijodi haqida gapirib, uning boy, qiziqarli adabiy merosini kelgusida oʻzbek tiliga yanada koʻproq tarjima qilish zarurligini urgʻuladi.
Tadbirda ushbu nashrni oʻzbek tiliga tarjima qilgan shoira, tarjimon Gulzira Sharipova Ozarbayjon sheʼriyatining boy ekani, latofati, jozibasi haqida gapirib, bu sheʼriyatni oʻzbek xalqi juda yaxshi koʻrishi, shu bois ozarbayjon adiblarining asarlarini oʻzbek tiliga tarjima qilishga katta ehtiyoj borligini taʼkidladi.
Sheʼriyat ixlosmandi, Oʻzbekiston xalq shoiri Komil Avezovning oʻgʻli Navroʻz Avezov Damad Salmonoʻgʻlining sheʼrlaridagi sheʼriy nozikliklar haqida gapirib, uning taqdimoti oʻtkazilayotgan kitobida oʻzbek xalqiga, Oʻzbekistonga boʻlgan yuksak, samimiy muhabbat tuygʻularini ifodalaganini qayd etdi.
Tadbirda chiqish qilgan Muxtor Ahmadov, Qalandar Sultonov va boshqa yosh shoirlar Damad Salmonoʻgʻlining ijodi haqida oʻz fikr-mulohazalarini bildirishdi.
Damad Salmonoʻgʻli tadbir ishtirokchilari hamda tashkilotchilarga oʻz minnatdorchiligini bildirib, oʻzbek kitobxonlarining uning ijodiga boʻlgan eʼtibor va muhabbati uni yanada ruhlantirajagini taʼkidladi.
Tadbir yakunida Fuzuliy ilmiy-tadqiqotlar Markazi talabalaridan iborat “Fuzuliy dilbandlari” guruhi Damad Salmonoʻgʻli sheʼrlaridan iborat sheʼriy guldastani yigʻilganlar hukmiga havola qilishdi.
31.05.2023