XABARLAR 2023
“Oʻzbekistonda Ozarbayjon musiqasi kunlari” doirasida
Samarqandda muhtasham konsert dasturi boʻlib oʻtdi.
Oʻzbekistondagi Haydar Aliyev nomidagi Ozarbayjon Madaniyat Markazi loyihasi va tashkilotchiligida Toshkent va Samarqand shaharlarida Ozarbayjon musiqasi kunlari oʻtkazildi.
Samarqand shahar Yoshlar Saroyining katta zalida boʻlib oʻtgan tadbirda davlat va hukumat namoyandalari, madaniyat va sanʼat xodimlari, mahalliy ozarbayjonlar hamda oʻzbeklar ishtirok etishdi.
Tadbir ishtirokchilari avvalo, Samarqand shahar Yoshlar Saroyining foyesida Ozarbayjon Madaniyat Markazi tomonidan tashkil etilgan Umummilliy Lider Haydar Aliyevning 100 yilligiga bagʻishlangan foto va nashrlardan iborat koʻrgazma bilan tanishdilar.
Ozarbayjon musiqasi kunlarining tarixiy Samarqand shahrida oʻtkazilishini muhim voqea sifatida qayd etgan Samarqand shahar hokimining oʻrinbosari Rustambek Qobulov mamlakatlarimiz oʻrtasidagi barcha sohalardagi aloqalar rivojlanib borayotgani haqida toʻxtalib, madaniyat sohasidagi hamkorlik yuksak darajada ekanini alohida faxr bilan taʼkidladi.
U tadbirning ozarbayjon xalqining Umummilliy Lideri Haydar Aliyevga bagʻishlangani, oʻzbek xalqi ham ozarbayjon xalqining Umummilliy Lideriga oʻzgacha muhabbat hamda eʼtibor koʻrsatayotgani, Haydar Aliyevning 100 yilligiga oid tadvbirlar Oʻzbekistonda katta tantanalar bilan oʻtkazilayotganini bildirdi.
Oʻzbekistondagi Haydar Aliyev nomidagi Ozarbayjon Madaniyat Markazi direktori Samir Abbasov Oʻzbekistonda Ozarbayjon madaniyati bilan bogʻliq yirik tadbir va konsertlar deyarli har yili qadimiy Samarqand shahrida oʻtkazilayotgani, Ozarbayjon madaniyati va musiqasi qardosh mamlakatda doimo katta qiziqish uygʻotayotganini taʼkidladi.
Samir Abbasov ozarbayjon hamda oʻzbek xalqlarining tarixiy yaqinligi, umumiy madaniy qadriyatlar birlashtirajagiga urgʻu qaratib, “Oʻzbekistonda Ozarbayjon musiqasi kunlari” Ozarbayjon madaniyatining buyuk homiysi, Umummilliy Lider Haydar Aliyevga bagʻishlanganini yana bir bor eʼtirof etdi.
Shundan soʻng “Oʻzbekistonda Ozarbayjon musiqasi kunlari” doirasida Ozarbayjon va Oʻzbekiston xalq artisti Gulyanogʻ Mammadova “Jon Ozarbayjondan jon Oʻzbekistonga sevgi ila” konsert dasturini namoyish etdi. Ozarbayjon va oʻzbek qoʻshiqlari ijro etgan Gulyanogʻ Mammadova kuylagan xalq qoʻshiqlari va mugʻomlarimiz ayniqsa tomoshabinlar olqishlariga sazovor boʻldi.
Konsertda oʻzbek sanʼatining taniqli vakillaridan biri boʻlgan Oʻzbekistonda xizmat koʻrsatgan artist Yulduz Turdiyeva Gulyanogʻ Mammadova bilan xalq qoʻshiqlaridan duet tarzida kuylashdi.
Anshlagda kechgan konsert dasturi samarqandlik sanʼat ixlosmandlari uchun chinakam bayram dasturi boʻldi.
Qayd etish joizki, Ozarbayjon musiqalari tarixiy Samarqand shahrida oʻtkaziladigan tadbirlarda, toʻyu tomoshalarda, xalq orasida uyushtiriladigan marosimlarda oʻzgacha mehr bilan ijro etiladi.
03.06.2023