XABARLAR 2023
Ozarbayjon-O‘zbekiston do‘stligi va madaniy aloqalariga hissa qo‘shgan bir guruh o‘zbekistonlik ziyolilarga yuksak mukofotlar topshirildi.
2022-yil 30-avgust kuni Ozarbayjon Respublikasi Prezidenti Ilhom Aliyevning qaroriga muvofiq Ozarbayjon-O‘zbekiston madaniy-adabiy aloqalariga hissa qo‘shgan bir guruh O‘zbekiston Respublikasi madaniyat arboblari “Do‘stlik” ordeni bilan taqdirlandi.
Farmonga ko‘ra, Ozarbayjon Respublikasi bilan O‘zbekiston Respublikasi o‘rtasidagi madaniy aloqalarni rivojlantirishdagi xizmatlari uchun O‘zbekiston xalq artisti Hoshimjon Ismoilov, xizmat ko‘rsatgan artist Kamoliddin O‘ruiboyev va shoir Ali Nosirli “Do‘stlik” ordeni bilan taqdirlandi.
Joriy yilning 1-3 avgust kunlari Boku shahrida o‘tkazilgan O‘zbekiston madaniyati kunlari doirasida qayd etilgan mukofotlarning bir qismi topshirildi.
O‘zbekistondagi Haydar Aliyev nomidagi Ozarbayjon madaniyat markazida tashkil etilgan tadbirda taqdirlash marosimi boʻlib oʻtdi.
Avvalo, Ozarbayjon va O‘zbekiston o‘rtasidagi madaniy aloqalarni rivojlantirishdagi xizmatlari uchun Sirdaryoda yashovchi Ozarbayjon millatiga mansub hamyurtimiz, O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasi a’zosi, shoir Ali Nosirli “Do‘stlik” ordeni bilan taqdirlanishi haqida o‘tgan yili Ozarbayjon Respublikasi Prezidenti Ilhom Aliyev tomonidan imzolangan Farmon o‘qib eshittirildi, so‘ngra Nosirliyga orden topshirildi.
Tadbir doirasida O‘zbekiston-Ozarbayjon do‘stlik jamiyati, diaspora faoliyatidagi xizmatlari uchun Alisher Navoiy nomidagi Toshkent davlat o‘zbek tili va adabiyoti universiteti ijrochi direktori, professor Erkin Nuriddinov, dotsent Gulbahar Ashurova va Markaziy Osiyo xalqaro instituti katta ilmiy xodimi, tarix fanlari falsafa doktori Azar Adigo‘zalovga Ozarbayjon Respublikasi Diaspora bilan ishlash davlat qo‘mitasining tashakkurnomalari topshirildi.
Mukofotlarni qabul qilgan fan-madaniyat arboblari faoliyatlariga koʻrsatilgan yuksak ehtirom uchun Ozarbayjon Respublikasi Prezidenti Ilhom Aliyevga o‘z minnatdorchiligini izhor etib, ikki davlat orasidagi doʻstlik aloqalarini yanada rivoj topishi uchun oʻz xizmatlarini ayamasligini bildirdi.
02.09.2023