XABARLAR 2024
Toshkentda O‘zbekistonda yashaydigan G‘arbiy Ozarbayjonliklar Ijtimoiy Birligi tuzildi.
O‘zbekistondagi Ozarbayjon elchhixonasining ko‘magi bilan O‘zbekistonda yashaydigan G‘arbiy ozarbayjonliklar tomonidan tadbir o‘tkazildi.
O‘zbekistondagi Haydar Aliyev nomidagi Ozarbayjon Madaniyat Markazida o‘tkazilgan yig‘ilishni kirish so‘zi bilan ochib bergan Madaniyat Markazi direktor o‘rinbosari tarixiy faktlar asosida G‘arbiy Ozarbayjonda armanlar tomonidan asrlar davomida ozarbayjonliklarga qarshi uyushtirilgan etnik tozalash va deportatsiya haqida, shuningdek XIX-XX asrda ozarbayjonliklarning Kavkaz va G‘arbiy Ozarbayjon ijtimoiy-siyosiy, adabiy-madaniy muhitida tutgan muhim o‘rni borasida ham ma’lumot berdi.
Chiqish qilgan aslida G‘arbiy ozarbayjonlik bo‘lgan Vidodi Qurbonov dunyoning turli o‘lkalarida yashaydigan G‘arbiy Ozarbayjonliklarning yanada samarali faoliyat ko‘rsatishi uchun yagona bir tashkilot atrofida birlashishining muhim ekanini bildirdi va O‘zbekistonda yashaydigan yurtdoshlarimizning ham bu maqsad atrofida birlashishi kerakligini qayd etdi.
Chiqish qilgan Ismoyil Mammadov G‘arbiy ozarbayjonliklar dunyoning qaysi burchagida yashashlaridan qat’i nazar bir harakat – o‘z ota-bobo tuproqlariga qaytish harakati atrofida birlashishlarining nihoyatda muhimligini va bu bilan ham Ozarbayjon davlatini, ham Ozarbayjon Respublikasi Prezidenti janob Ilhom Aliyevning G‘arbiy Ozarbayjon va bu yerdan deportatsiya qilingan ozarbayjonliklar bilan bog‘liq olib borayotgan siyosatini tom ma’noda qo‘llab-quvvatlanishini ta’kidladi.
Undan keyin chiqish qilgan Durra Amirquliyeva uzoq yillar davomida arman terrori natijasida o‘z ota tuproqlaridan uzoqlashtirilgan G‘arbiy ozarbayjonliklarning bu kun o‘z yurtlariga qaytishining vaqti kelganini va bunga ishonishlarini bildirdi. Yurtdoshlarimiz huquqlari tiklanishida qadamlar qo‘yilishining muhimligini ta’kidladi.
Chiqish qilgan O‘zbekistonda muxbirlik faoliyati bilan shug‘ullangan asli G‘arbiy ozarbayjonlik bo‘lgan Gulu Kengerli mazkur tashabbusni qo‘llab-quvvatladi. G.Kengerli hozirgi Armaniston hududida bo‘lgan toponim va tarixiy yodgorliklar haqida so‘z ochib, ularning barchasi turkiy so‘z ekanini qayd etdi. Qayd etilgan mavzu borasida gapirgan G.Kengerli G‘arbiy Ozarbayjonga qaytish konsepsiyasi Ozarbayjon Respublikasi Prezidenti janob Ilhom Aliyevning diqqat markazida ekanini ham bildirdi.
Keyingi chiqish qilgan ishtirokchi, asli G‘arbiy ozarbayjonlik Ilhom Abdullayev G‘arbiy Ozarbayjon xalqining huquqlari tiklanishi va ularning o‘z ota-bobo tuproqlariga qaytishlari uchun Ozarbayjon davlati va uning rahbari janob Ilhom Aliyevning olib borayotgan siyosatini qo‘llab-quvvatlagan holda – O‘zbekistonda yashaydigan G‘arbiy ozarbayjonliklarning yagona jamiyat atrofida birlashishining muhim ekanligini bildirdi. Bugungi yig‘ilishning asosiy maqsadi “O‘zbekistonda yashaydigan G‘arbiy ozarbayjonliklar” ijtimoiy birligini tuzish va bu birlikning kelgusidagi faoliyatini belgilamoqdir.
Navbatdagi so‘zlovchi G‘arbiy Ozarbayjondan bo‘lgan G‘olib Muslimov ziyoli uzoq yillar mobaynida vatandan uzoqda yashagan yurtdoshlarimizni yagona tashkilotda birlashtirish, ularni muvofiqlashtirish, axborotlashtirish, birgalikda uyushgan holda harakat qilish, qarorlar qabul qilish nuqtai nazaridan juda muhim ekanini bildirdi.
Chiqish qilganlar yosh yurtdoshimiz bo‘lgan Emin Guliyev, G‘arbiy Ozarbayjondan bo‘lgan Adolat Gojamonov va boshqalar G‘arbiy ozarbayjonliklarning o‘z ota-bobo tuproqlariga qaytishi va ularning buzilgan huquqlari tiklanishi borasida Ozarbayjon davlatining, prezident janob Ilhom Aliyevning bu sohada yuritayotgan muvaffaqiyatli, ishonchli siyosatidan so‘z olib bordilar, mazkur ijtimoiy jamiyatning tuzilishi bu ishga katta foyda bo‘lishini ta’kidladilar.
Chiqishlardan keyin konferensiyaning raisi tuziladigan ijtimoiy birlikning rahbar vakili va uning o‘rinbosari lavozimiga saylanadiganlarning nomzodlari ilgari surilishiga oid murojaat bilan chiqish qildi.
Shu munosabat bilan chiqish qilgan Ismoyil Mammadovning taklifi asosida yig‘ilish ishtirokchilari yangi tuziladigan “O‘zbekistonda yashaydigan G‘arbiy Ozarbayjonliklar” Ijtimoiy Birligining rahbari lavozimiga asli G‘arbiy Ozarbayjonning Bosarkechar tumani Bolo Mazra qishlog‘idan bo‘lgan Ilhom Yusif o‘g‘li Abdullayev, o‘rinbosar lavozimiga esa asli G‘arbiy Ozarbayjonning Bosarkechar tumani Toshkent qishlog‘idan bo‘lgan Gojamonov Adolat o‘g‘lining nomzodini qo‘llab-quvvatladilar.
Ma’lumot uchun bildirildiki, Abdullayev Ilhom Yusif o‘g‘li 1959-yili 15-aprel kunida G‘arbiy Ozarbayjonning (hozirgi Armaniston Respublikasi) Bosarkechar tumani (hozirgi Vardanez) Bolo Mazra qishlog‘ida tug‘ilgan. Ozarbayjon san’ati va madaniyatining targ‘iboti sohasida katta xizmatlari bo‘lgan Ilhom Abdullayev professional musiqiy faoliyati davomida turli davrlarda O‘zbekistonning taniqli musiqa xodimlari, xalq artistlari bilan birga ijodiy ishlar qilgan. I.Abdullayev Ozarbayjon baxshilar birligining O‘rta Osiyo davlatlari bo‘yicha koordinatori sifatida ham faoliyat yuritadi.
Ilhom Abdullayev san’at sohasida qilgan xizmatlari uchun O‘zbekiston davlati tomonidan 2021-yili O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining Farmoniga binoan O‘zbekiston Mustaqilligining 30 yilligiga bag‘ishlangan medal bilan, “Xalqlar do‘stligi” medali va ikki mamlakat o‘rtasidagi munosabatlarning mustahkamlanishidagi xizmatlari uchun esa O‘zbekiston Prezidenti tomonidan “Do‘stlik” ordeni bilan taqdirlangan.
Konferensiyada yakuniy nutq bilan chiqish qilgan yig‘ilish raisi Vidodi Qurbonov konferensiyani tashkillashtirishdagi yordami uchun Ozarbayjon Respublikasining O‘zbekistondagi elchixonasiga, konferensiya ishtirokchilariga, maruza qilganlarga o‘z minnatdorchiligini bildirdi.
Natijada konferensiya ishtirokchilari O‘zbekistonda yashaydigan G‘arbiy Ozarbayjonliklar Ijtimoiy Birligi ta’sis etilishining yakuni o‘laroq tegishli tashkilotlarga yuboriladigan hujjatlarni tayyorlashga kelishib oldilar.
04.12.2024