XABARLAR 2024
Ozarbayjon Madaniyat Markazida Toshkentdagi universitetlar talabalari uchun Ozarbayjon – Oʻzbekiston doʻstligi mavzusida ochiq dars oʻtkazildi.
Oʻzbekistondagi Haydar Aliyev nomidagi Ozarbayjon Madaniyat Markazida Toshkent davlat Sharqshunoslik universiteti talabalariga Ozarbayjon – Oʻzbekiston doʻstligi mavzusida ochiq dars uyushtirildi.
Talabalar Madaniyat Markazida faoliyat yuritayotgan Haydar Aliyev muzeyi, Ozarbayjon – Oʻzbekiston doʻstlik muzeyi, Ozarbayjon tarixi va davlatchiligi muzeyi, Ozarbayjon gilamlari muzeyi hamda koʻrgazma zalini koʻzdan kechirib, u yerdagi eksponatlar, har ikki oʻlkaning tarixi va madaniyatini aks ettirgan kitoblar, suratlar, musiqiy cholgʻu asboblar, milliy kiyimlar bilan yaqindan tanishishdi.
Ozarbayjon Madaniyat Markazi direktori Samir Abbasov talabalarga uchrashuv davomida Ozarbayjon – Oʻzbekiston aloqalarining tarixi va taraqqiyoti haqida atroflicha maʼlumot berdi.
Tarixi, dini va madaniyati mushtarak, ildizlari bir bo‘lgan ikki xalq o‘rtasidagi munosabatlar qadim zamonlarga borib taqalishini alohida urgʻuladi. Shuningdek, buyuk ozarbayjon shoiri Nizomiy ganjaviy va oʻzbek mutafakkiri Alisher Navoiyning ijodi haqida oʻrtoqlashgan Samir Abbasov ikki qardosh xalq orasidagi doʻstlik, qardoshlik munosabatlarining yanada rivoj topishida yoshlarning o‘rni alohida bo‘lishiga ishonch bildirdi.
Yakunda Sharqshunoslik universiteti talabalari batafsil maʼlumot uchun Madaniyat Markazi direktori Samir Abbasovga minnatdorchilik bildirib, o‘quvchilarning til o‘rganishi va o‘zlashtirishida bunday darslarning o‘rni muhim ekani va mazkur Markazda o‘tkazilayotgan bunday ochiq darslar bardavom boʻlishi muhimligini ta’kidlashdi.
05.03.2024