XABARLAR 2024
O‘zbekistonda Mammad Said O‘rdubodiyning o‘zbek tilida nashr etilgan
“Qilich va qalam” romanining taqdimot marosimi tashkil etildi.
O‘zbekistondagi Haydar Aliyev nomidagi Ozarbayjon Madaniyat Markazi tomonidan Ozarbayjon mutafakkirlari asarlarining tarjimasi va nashriga doir yana bir loyiha amalga oshirildi.
Ozarbayjon yozuvchisi Mammad Said O‘rdubodiyning o‘zbek tilida nashr qilingan “Qilich va qalam” tarixiy romanining taqdimot marosimi bilan bog‘liq tadbir Alisher Navoiy nomidagi Toshkent davlat o‘zbek tili va adabiyoti universitetida bo‘lib o‘tdi.
Tadbir ishtirokchilari dastavval Toshkent davlat o‘zbek tili va adabiyoti universiteti foyesida Ozarbayjon Madaniyat Markazi tomonidan Nizomiy Ganjaviy ijodiy merosiga doir O‘zbekistonda o‘zbek tilida chop etilgan nashrlardan iborat “Ganjada tug‘ilgan quyosh” nomli kitob ko‘rgazmasi bilan tanishdilar.
Universitetning konferensiyalar zalida davom etgan tadbirni kirish so‘zi bilan ochib bergan Toshkent davlat o‘zbek tili va adabiyoti universiteti kafedra mudiri va Nizomiy Ganjaviy nomidagi Xalqaro ilmiy-tadqiqotlar jamiyati raisi, professor Nurboy Jabborov “Qilich va qalam” tarixiy romanining o‘zbek tilidagi nashrini O‘zbekiston adabiy hayoti uchun tarixiy hodisa sifatida baholadi.
Professor o‘tgan vaqt mobaynida O‘zbekistonda Ozarbayjon Madaniyat Markazining olib borgan tizimli ishlari natijasida Ozarbayjon yozuvchilarining asarlari, shuningdek, daho ijodkor Nizomiy Ganjaviy haqida yozilgan badiiy, ilmiy-tadqiqot asarlarining tarjimalari va nashrlari amalga oshirilganini aytib o‘tdi va bu sohada kamchiliklar o‘rni to‘ldirilganini alohida ta’kidladi. Nurboy Jabborov olib borilgan ishlarning muvaffaqiyatli va izchil shaklda amalga oshirilishi uchun Ozarbayjon Madaniyat Markazining qoshida Ozarbayjon, O‘zbekiston va Turkiyaning taniqli adabiyotshunoslari ishtirokida Nizomiy Ganjaviy nomidagi Xalqaro ilmiy-tadqiqotlar jamiyati tashkil topgani haqida ham so‘zladi.
Alisher Navoiy nomidagi Toshkent davlat o‘zbek tili va adabiyoti universiteti prorektori, professor Sulton Normamatov O‘zbekiston-Ozarbayjon adabiy aloqalarining qadimga borib taqaladigan chuqur ildizlaridan so‘z ochib, ikki o‘lka o‘rtasida adabiy aloqalarning madaniy aloqalar kabi yuksak cho‘qqiga chiqqanini, Ozarbayjon Madaniyat Markazining loyihasi bilan so‘nggi 10 yil ichida Ozarbayjon adabiyotiga doir yuzlab nashrning o‘zbek tiliga tarjima qilinib, chop etilganini bildirib o‘tdi.
Chiqish qilgan O‘zbekistondagi Haydar Aliyev nomidagi Ozarbayjon Madaniyat Markazi direktori Samir Abbasov ikki mamlakat orasidagi adabiy aloqalar haqida gapirib, O‘zbek kitobxonlarining Ozarbayjon mualliflarining asarlariga katta qiziqishi bo‘lganini qayd etib o‘tdi. Diplomat 2021-yilning Ozarbayjon Prezidenti Ilhom Aliyev Farmoni bilan “Nizomiy Ganjaviy yili” deb e’lon qilinganini va bu maqsadda Ozarbayjon Madaniyat Markazining loyihasi asosida O‘zbekistonda daho mutafakkirning besh dostondan iborat “Xamsa” asarining, Nizomiy Ganjaviy asarlarida turkiylikka doir O‘zbek olimlarining monografiyasi chop etilgani, shuningdek Mammad Said O‘rdubodiyning o‘zbek tilida nashr etilgan va taqdimoti o‘tkazilgan “Qilich va qalam” tarixiy romanining tarjimasi va nashri ushbu loyihalarning davomi bo‘lganini aytib o‘tdi.
Tadbirda chiqish qilgan boshqa ishtirokchilar – professor Abdulla Ulug‘ov, tarjimon olim Boboxon Sharif, professor Uzoq Jo‘raqulov, dotsent Gulbahor Ashurova Mammad Said O‘rdubodiyning ijodi, “Qilich va qalam” tarixiy romanida Ozarbayjon shoiri Nizomiy Ganjaviy obrazini 300 dan ortiq tarixiy manbalarga va faktlarga asoslangan holda yozganini va Ozarbayjon xalqining daho o‘g‘li Nizomiy Ganjaviy yashagan davrning manzarasini badiiy tilda jonlantirganini qayd etdilar.
Tadbir yakunida Ozarbayjon Madaniyat Markazi tomonidan Toshkent davlat o‘zbek tili va adabiyoti universitetida tashkil etilgan Muhammad Fuzuliy nomidagi ilmiy-tadqiqotlar markazi qoshidagi “Fuzuliy dilbandlari” to‘garagi a’zolari o‘z chiqishida Ozarbayjon va O‘zbek tillarida klassik she’rlar ijro etdilar.
Eslatib o‘tamiz, Toshkent shahrida faoliyat ko‘rsatadigan “Niso nashriyot va matbaa uyi” poligrafiya markazida nafis shaklda chop etilgan “Qilich va qalam” tarixiy romanining O‘zbek tiliga tarjmonlari – olimlar Nazira Aliyeva, Muhsin Hamidov va Rustam Komilov, nashrning muharriri va so‘zboshi muallifi esa O‘zbek olimi Abdulla Ulug‘ovdir.
Shu o‘rinda aytish kerakki, O‘zbek tilida nashr etilgan “Qilich va qalam” tarixiy romanining Ozarbayjon Madaniyat Markazi tomonidan O‘zbekistonning yetakchi kutubxonalariga, oliy ta’lim muassasalariga bepul tarqatilishi nazarda tutilgan.
14.03.2024