XABARLAR 2024
O‘zbekistonning Xorazm viloyatida Mammad Said O‘rdubodiyning o‘zbek tilida chop etilgan “Qilich va qalam” tarixiy romanining taqdimot marosimi bo‘lib o‘tdi.
O‘zbekistondagi Haydar Aliyev nomidagi Ozarbayjon Madaniyat Markazi tomonidan Ozarbayjon klassik adabiyotiga mansub asarlarning tarjimasi va nashri bilan bog‘liq yana bir yangi loyiha amalga oshirildi.
Xorazm viloyatining markaziy shahri bo‘lgan Urganch shahrida joylashgan oliygohlardan biri – Urganch davlat universitetida buyuk yozuvchi Mammad Said O‘rdubodiyning o‘zbek tiliga tarjima qilingan “Qilich va qalam” tarixiy romanining nashrining taqdimoti bilan bog‘liq tadbir o‘tkazildi.
Universitetning Yusuf Vazir Chamanzaminli nomidagi Ozarbayjon madaniyati va adabiyoti markazida bo‘lib o‘tgan tadbirni Urganch davlat universiteti prorektori, professor Sardor Xo‘janiyozov ochib berib, ushbu “Qilich va qalam” tarixiy romanining o‘zbek tilidagi nashrini O‘zbekiston-Ozarbayjon adabiy-madaniy aloqalarining mustahkamlanishi uchun tashlangan yangi qadam sifatida baholadi.
Chiqish qilgan O‘zbekistondagi Haydar Aliyev nomidagi Ozarbayjon Madaniyat Markazi inspektori Karimulla Mammadzoda ikki o‘lka o‘rtasida adabiy-madaniy aloqalardan so‘z ochib, bu borada Ozarbayjon Madaniyat Markazining loyihalari haqida gapirdi. O‘zbek o‘qirmanlarida Ozarbayjon yozuvchilarining asarlariga katta qiziqish bo‘lganini qayd etgan K.Mammadzoda Ozarbayjon Madaniyat Markazi tomonidan bugungi kungacha turli mavzularda yozilgan ko‘plab asarlarning o‘zbek tiliga tarjima qilinib, chop etilganini ta’kidladi. O‘zbekistonda Ozarbayjon Madaniyat Markazining olib borgan tizimli ishlari natijasida Ozarbayjon yozuvchilarining asarlari tarjima qilingani, nashr etilganini aytib o‘tgan Karimulla Mammadzoda bu sohadagi kamchiliklar o‘rni to‘ldirilayotganini ta’kidlab aytdi.
Keyingi chiqish qilgan ishtirokchi O‘zbekiston-Ozarbayjon do‘stlik jamiyati ijrochi direktori, professor Erkin Nuriddinov ikki qardosh mamlakat orasida adabiy aloqalarining ham madaniy aloqalar kabi yuksak miqyosda ekani, Ozarbayjon Madaniyat Markazi tomonidan bu sohada maqsadli ishlar olib borilgani haqida gapirdi.
Keyingi ishtirokchilar Urganch davlat pedagogika instituti Pedagogika fakulteti dekani o‘rinbosari Shodyor Do‘schanov, Urganch davlat universiteti O‘zbek filologiyasi fakulteti dekani Dilshod G‘oyipov chiqish qilib, “Qilich va qalam” tarixiy romanining o‘zbek tiliga tarjima qilinib, nashrdan chiqishini adabiyotshunoslik nuqta’i nazaridan muhim hodisa sifatida baholab, ushbu asar Ozarbayjon tarixining, madaniyatining, adabiyotining o‘rganilishi uchun qimmatli bir manba bo‘lishini aytdilar.
Eslatib o‘tamiz, Toshkent shahrida faoliyat ko‘rsatadigan “Niso nashriyot va matbaa uyi” poligrafiya markazida nafis shaklda chop etilgan “Qilich va qalam” tarixiy romanining o‘zbek tiliga tarjimonlari – Nazira Aliyeva, Muhsin Hamidov va Rustam Komilov, nashrning tahrirchisi va So‘zboshi muallifi esa O‘zbek olimi Abdulla Ulug‘ovdir.
O‘zbek tilida chop qilingan “Qilich va qalam” romanining Ozarbayjon Madaniyat Markazi tomonidan O‘zbekistonning yetakchi kutubxonalariga, oliy ta’lim muassasalariga bepul yetkazilishi nazarda tutilgan.
27.03.2024