XABARLAR 2024
Toshkentda 20-yanvar shahidlarining xotirasi yodga olindi.
Ozarbayjonning O‘zbekistondagi elchixonasi huzuridagi Haydar Aliyev nomidagi Ozarbayjon Madaniyat Markazida 20-yanvar fojiasiga 34 yil to‘layotgani munosabati bilan marosim tashkil qilindi.
Tadbirda O‘zbekistonning ilm, madaniyat va san’at xodimlari, elchixona xodimlari, O‘zbekistonda yashaydigan ozarbayjonliklar, O‘zbekiston-Ozarbayjon Do‘stlik jamiyati rahbarlari va a’zolari, muallimlar, talabalar, jamoat vakillari ishtirok etdilar.
Dastlab ishtirokchilar ulug‘ yo‘lboshchi Haydar Aliyevning Ozarbayjon Madaniyat Markazidagi yodgorligi va Shahidlar yodgorlik kompleksining oldiga gullar qo‘ydilar.
Gul qo‘yish marosimidan keyin ishtirokchilar Ozarbayjon Madaniyat Markazining kirish qismida 20-yanvar fojiasi va Qorabog‘ hodisalari bilan bog‘liq “Istiqlolga ketgan yo‘l” nomli kitob va fotosuratlar ko‘rgazmasi bilan tanishdilar. Ozarbayjon Madaniyat Markazining qoshidagi rasm to‘garagining a’zolari g‘urur va qahramonlik tariximiz bo‘lgan 20-yanvar fojiasiga oid rasmlarni chizganlar va ushbu rasmlar ham foto-ko‘rgazmadan o‘rin olgandir.
Dastavval o‘tkazilgan marosimda shahidlarning aziz xotirasi uchun bir daqiqa sukut saqlandi.
Ozarbayjonning O‘zbekistondagi elchisi Husayn Guliyev chiqish qilib, 20-yanvar kunining faqatgina fojia sifatida emas, Ozarbayjon xalqining istiqlol tomon intilgan yo‘li, milliy ozodlik ruhida uyg‘onish kuni bo‘lganini ta’kidlab aytdi. Elchi istiqlol tariximizda shonli sahifa yaratgan shahidlar xotirasining xalqimiz va davlatimiz tomonidan doim yodda saqlanishini aytib, shahidlarning Vatan uchun to‘kkan qoni behuda ketmaganini, o‘lkamizning o‘z mustaqilligiga erishganini ta’kidladi.
Chiqish qilgan tadbirning keyingi ishtirokchilari O‘zbekiston-Ozarbayjon Do‘stlik jamiyati ijrochi direktori, professor Erkin Nuriddinov, ozarbayjonlik olim Olmos Majidova, dotsent Gulbahor Ashurova va boshqa ishtirokchilar bu hodisalar ko‘p yillar sovet imperiyasi asorati ostida yashagan xalqning o‘z ozodlik ovozi yangraganini, davlatimizning suverenligi, Vatan tuproqlari uchun jasorat ko‘rsatganlarini aytib o‘tdilar. Ular 20-yanvar hodisalaridan so‘ng Ozarbayjon xalqining ijtimoiy shuurida, ozodlik g‘oyalarida jiddiy o‘zgarishlar yuz bergani haqida gapirib, mustaqillik uchun kurashning burilish nuqtasi bo‘lgan o‘sha dahshatli kunlarda xalqning bir g‘oya atrofida jipslashganini ta'kidladilar.
Tadbirda Alisher Navoiy nomidagi Toshkent davlat oʻzbek tili va adabiyoti universitetida faoliyat olib borayotgan Muhammad Fuzuliy nomidagi Ozarbayjon ilmiy-tadqiqotlar markazining “Fuzuliy dilbandlari” to‘garagi a'zolaridan iborat bir guruh talabalar 20-yanvar, Vatan muhabbati, shahidlar haqida she'rlar aytdilar, shahidlarga bag‘ishlangan she'riy kompozitsiya taqdim etdilar.
Tadbirda 20-yanvar fojiasiga bag‘ishlangan hujjatli film ham namoyish etildi.
20.01.2024