XABARLAR 2024
Toshkentda Ozarbayjonning buyuk shoiri Muhammad Fuzuliyga bagʻishlangan ilmiy konferensiya boʻlib oʻtdi.
Oʻzbekistondagi Haydar Aliyev nomidagi Ozarbayjon Madaniyat Markazi va Alisher Navoiy nomidagi Toshkent davlat oʻzbek tili va adabiyoti universitetining hamkorligida Ozarbayjonning buyuk shoiri Muhammad Fuzuliyning 530 yillik tavalludiga bagʻishlab “Alisher Navoiy va Muhammad Fuzuliy: Oʻzbekiston-Ozarbayjon adabiy aloqalari” mavzusida xalqaro ilmiy konferensiya tashkil etildi.
Konferensiyani kirish soʻzi ila ochgan Alisher Navoiy nomidagi Toshkent davlat oʻzbek tili va adabiyoti universiteti prorektori, professor Sultonbek Nurmamatov oʻz chiqishida ikki mamlakat oʻrtasida mavjud adabiy aloqalarning tarixiy ildizga ega ekanligini qayd etib, bu masalada buyuk adabiy shaxsiyatlarning alohida xizmatlari mavjudligini taʼkidlab aytdi.
Chiqish qilgan Oʻzbekistondagi Haydar Aliyev nomidagi Ozarbayjon Madaniyat Markazi direktori oʻrinbosari Nodir Alimirzayev iki oʻlka orasida adabiy-madaniy aloqalarning yuksak darajada rivojlanganini va bu yoʻnalishda Ozarbayjon Madaniyat Markazi tomonidan koʻplab nashrlar, tarjima loyihalarining amalga oshirilganini, respublika va xalqaro miqyosida ilmiy konferensiyalarning, seminar va maʼruzalarning, konsert tadbirlarining, koʻrgazmalarning, media-turlarning tashkil qilinganini alohida eʼtirof etdi. Mamlakatlar oʻrtasida keng aloqalarning yoʻlga qoʻyilishida davlat rahbarining buyuk iroda namoyon etganini taʼkidlagan N.Alimirzayev bu ayni damda vatandoshlar uchun goʻzal namuna boʻlganini alohida bildirib oʻtdi. Ozarbayjon Respublikasi Prezidenti janob Ilhom Aliyev tarafidan daho ijodkorning 530 yillik yubileyining oʻtkazilishi bilan bogʻliq Farmonning imzolanganini aytgan N.Alimirzayev bu bilan bogʻliq Ozarbayjon Madaniyat Markazining ham tadbirlar oʻtkazish rejasi borligini qayd etdi.
Keyinchalik chiqish qilgan Ozarbayjon Fanlar Akademiyasi Nizomiy Ganjaviy nomidagi Adabiyot Instituti direktori oʻrinbosari, dotsent Mehman Hasanli Ozarbayjon adabiyotshunosligida amalga oshirilgan tadqiqot ishlaridan soʻz ochib, bular orasida Muhammad Fuzuliy va Alisher Navoiy ijodiga alohida ahamiyat qaratilganini taʼkidladi.
Oʻzbekiston Yozuvchilar uyushmasi raisi oʻrinbosari, shoir-publitsist Gʻayrat Majid oʻz chiqishida oʻzbek sheʼriyatida Muhammad Fuzuliy sheʼrining taʼsiridan soʻz ochib, uzoq yillar davom etgan bu tendensiyaning zamonaviy oʻzbek poeziyasida ham yaqqol koʻzga tashlanishini bildirib oʻtdi.
Chiqish qilgan professor Nurboy Jabborov Muhammad Fuzuliy yaratuvchanligining oʻzbek adabiyotshunosligi tadqiqotlarida bu sohada koʻplab ilmiy ishlar yozilganini qayd etdi.
Ozarbayjon Fanlar Akademiyasi “Ilm” nashriyoti direktori, filologiya fanlari boʻyicha falsafa doktori Sabuhiy Qahramonov chiqishlarida Ozarbayjonda Muhammad Fuzuliy asarlarining oʻlkamizda keng koʻlamda nashr etilganini va bugungi kunda ham bu sohada yangi nashrlar dunyo yuzini koʻrganini taʼkidladi.
Chiqish qilgan filologiya fanlari boʻyicha falsafa doktori Karimulla Mammadzoda Oʻzbekistonda Muhammad Fuzuliy asarlarining nashri haqida soʻz ochib, bu sohada vaziyatning u qadar yaxshi emasligini taʼkidladi. Oʻzbekistondagi Haydar Aliyev nomidagi Ozarbayjon Madaniyat Markazi tomonidan Ozarbayjonning buyuk shoiri Muhammad Fuzuliyning asarlaridan iborat ikki jildlik kulliyotining nashrga tayyorlanganini va yaqin kunlarda ushbu nashr taqdimotining oʻtkazilishini bildirgan K.Mammadzoda bu loyihaning buyuk shoirning tavalludining 530 yillik yubileyiga munosib sovgʻa boʻlishini bildirdi.
Chiqish qilganlar professor Almaz Ulvi Binnatova (onlayn), professor Kamol Yavuz Ataman (onlayn), professor Boqijon Toʻxliyev, filologiya fanlari boʻyicha falsafa doktori Alimuxtor Muxtorov, shoira Xuraman Murodova (onlayn) va boshqalar ikki mamlakat oʻrtasida adabiy, madaniy aloqalardan, Muhammad Fuzuliy va Alisher Navoiy ijodidan, adabiyotshunoslik masalalaridan soʻz ochdilar.
Xalqaro ilmiy konferensiya tushlikdan keyin toʻrtta shoʻbalar kesimida davom etdi.
30.05.2024