XABARLAR 2024
Ozarbayjon va O‘zbekiston xalq artisti Firudin Safarov vafot etdi.
Ozarbayjon va O‘zbekiston xalq artisti, Davlat mukofoti laureati, Alisher Navoiy nomidagi O‘zbekiston davlat opera va balet teatri bosh rejissyori Firudin Safarov 26-iyul kuni 91 yoshida Toshkentda vafot etdi.
Firudin Sattor o‘g‘li Safarov 1933-yil 1-avgustda Boku shahrida tug‘ilgan. Ozarbayjon davlat konservatoriyasida zarbli cholg‘u asboblari bo‘yicha tahsil olgan, 1953-1964-yillarda buyuk dirijyor Niyoziy rahbarligidagi Uzeyir Hojibeyli nomidagi Ozarbayjon davlat simfonik orkestrida ishlagan. 1968-yilda N. A. Rimskiy-Korsakov nomidagi Leningrad davlat konservatoriyasining musiqali teatr rejissyorligi fakultetini tamomlagan.
1968-yilda Ozarbayjon Davlat akademik opera va balet teatrida spektakl rejissyori sifatida ish boshlagan iste’dodli rejissyor qisqa fursatda o‘zining yuksak ijodiy qobiliyati, chuqur sahna tuyg‘usi borligini ko‘rsata oldi. F.Safarov Boku teatrida mashhur milliy va mumtoz opera spektakllarini sahnalashtirib, teatr olamida mohir rejissyor sifatida shuhrat qozondi. Firudin Safarovga Ozarbayjondagi faoliyati davomida 40 ga yaqin davlat miqyosidagi tadbirlarni tayyorlash vazifasi ishonib topshirilgan.
1977-yilda Sovet Ittifoqi davrida o‘zining qiziqarli asarlari, faoliyati bilan mamlakatga tanilgan rejissyor Firudin SafarovAlisher Navoiy nomidagi O‘zbekiston davlat opera va balet teatriga taklif qilinadi va shu teatrda ish boshlaydi. Toshkentda yashagan 47 yil davomida u 60 ga yaqin opera spektakllarini, jumladan P.I. Chaykovskiyning “Qora ayol”, “Iolanta”, G.Donizettining “Muhabbat sharbati”, J.Verdining “Traviata”, “Rigoletto”, “Trubadur”, J.Rossiniyning “Sevilyalik sartarosh”, S.Prokofyevning “Olovli malak” va boshqa spektakllarni qiziqarli tarzda sahnalashtirdi.
U O‘zbekistonda o‘tkaziladigan ommaviy bayramlarning badiiy rahbari va rejissyori bo‘lib, ijodkorlar orasida Ozarbayjonni munosib tarzda tamsil etgan.
Firudin Safarov O‘zbekistonda faoliyat ko‘rsatgan vaqtlarida Ozarbayjon Davlat akademik opera va balet teatrida daho Uzeyir Hojibeylining “Layli va Majnun” va “Ko‘ro‘g‘li”, zamonaviy turk bastakori Nevit Kodalining “Van Gog” hamda atoqli Ozarbayjon bastakori Vosif Odigo‘zalovning “Notavon” operalarini sahnalashtirdi.
O‘zbekistonda professional kadrlar tayyorlashda ham rejissyorning xizmatlari kattadir. U uzoq yillardan buyon Toshkent davlat konservatoriyasining opera kadrlari tayyorlash fakultetida shu yo‘nalishda samarali mehnat qildi. Ko‘plab yosh vokalchilar usta rejissyor yordamida ilk ijodiy qadamlarini tashladilar. Firudin Safarovga 2002-yilda Toshkent davlat konservatoriyasi professori unvoni berilgan.
F.Safarov Turkiya, Rossiya, Belarus, Qozog‘iston, Qirg‘iziston opera teatrlarida ham spektakl tayyorlagan.
Poytaxtimizda rejissyorning 70, 80, 85 va 90 yillik yubileylari yuqori saviyada nishonlangan hamda Firudin Safarov ijtimoiy va musiqiy faoliyatidagi xizmatlari uchun O‘zbekistonning “Mehnat shuhrati”, “Buyuk xizmatlari uchun”, “Fidokorona xizmatlari uchun” orden va medallari bilan taqdirlangan.
Bokuda boʻlib oʻtgan dunyodagi ozarbayjonliklar qurultoylarida qatnashgan.
Ozarbayjon Prezidenti Ilhom Aliyevning Farmoni asosida diaspora qurilishi sohasidagi xizmatlari uchun “Taraqqiyot” medali bilan taqdirlangan.
Firudin Safarov uni sevganlar qalbida mangu yashaydi.
O‘zbekistondagi Haydar Aliyev nomidagi Ozarbayjon Madaniyat Markazi xodimlari nomidan marhumning oila a’zolari va yaqinlariga hamdardlik bildirib, Allohdan sabr tilaymiz.
Alloh rahmat qilsin.
26.07.2024