XABARLAR 2024
Taniqli shoira Xuraman Murodovaga O‘zbekiston universiteti faxriy professori unvoni berildi.
Ozarbayjon turkiy dunyosi faxri, taniqli shoira, ozarbayjonlik tadbirkor Xuraman Murodova Alisher Navoiy nomidagi Toshkent davlat o‘zbek tili va adabiyoti universiteti faxriy professori unvoni bilan taqdirlandi.
O'zbekistondagi Haydar Aliyev nomidagi Ozarbayjon Madaniyat Markazi ko'magida o'tkazilgan tadbirda universitet professor-o'qituvchilari, Ozarbayjon Respublikasi diplomatik korpusi va Ozarbayjon Madaniyat Markazi vakillari, jurnalistlar, talabalar ishtirok etdi.
Ushbu tadbirda universitet professor-o‘qituvchilari, Ozarbayjon Respublikasining O‘zbekiston Respublikasidagi diplomatik korpusi hamda elchixona huzuridagi Haydar Aliyev nomidagi Ozarbayjon Madaniyat Markazi vakillari, jurnalistlar, talabalar ishtirok etdi.
Taqdirlash marosimiga bag‘ishlangan tadbirni kirish so‘zi bilan ochgan Alisher Navoiy nomidagi Toshkent davlat o‘zbek tili va adabiyoti universiteti rektori, akademik Shuhrat Sirojiddinov dastlab ikki davlat o‘rtasidagi mavjud adabiy-madaniy aloqalar, bu aloqalarni yanada kengaytirish borasidagi ishlar haqida to‘xtalib, bu aloqalarning yuksalishida bugungi kunda davlat rahbarlari, madaniyat, adabiyot, ilm-fan sohasiga mansub kishilarning ham muayyan xizmatlari borligini alohida ta’kidladilar. So‘nggi paytlarda shoira Xuraman Murodova ham bu sohada katta xizmatlari bor insonlardan biri ekanini ta’kidlagan rektor o‘zi rahbarlik qilayotgan universitet Ilmiy kengashining yakdil qarori bilan “Faxriy professor” unvoni berilganini e’lon qildi. Rektor Shuhrat Sirojiddinov Xuraman Murodovaning bir necha oy avval o‘zi rahbarlik qilayotgan oliy ta’lim muassasasida o‘zbek tilida nashr etilgan “O‘zbekiston ham vatanim” she’riy kitobining taqdimot marosimidan so‘z ochib, o‘sha kunni bugungi kun kabi o‘zbek adabiyotining muhim tarixiy kuni sifatida e’tirof etdi. So‘z so‘nggida rektor universitet Ilmiy kengashining qarorini e’lon qilib, Xuraman Murodovaga faxriy professor diplomini va mantiyani topshirdi.
So‘ngra so‘zga chiqqan Ozarbayjon Respublikasining O‘zbekiston Respublikasidagi elchisi Husayn Guliyev Ozarbayjon va O‘zbek xalqlari tarixan qadimiy ildizlarga ega ekanini, bu ildizlarga asoslangan qardoshlik munosabatlari bugungi kunda ham eng yuqori darajada ekanini ta’kidladi.
Elchi Ozarbayjon Respublikasi Prezidenti janob Ilhom Aliyev va O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning ikki qardosh davlat o‘rtasidagi madaniy, siyosiy va iqtisodiy aloqalarni mustahkamlashdagi ulkan xizmatlari haqida to‘xtalar ekan, ikki davlat o‘rtasidagi o‘zaro manfaatli aloqalarda tegishli davlat tashkilotlari, jamoatchilik va har ikki tomon fuqarolarining muayyan xizmatlari mavjudligini alohida ta’kidladi. Elchi H.Guliyev Alisher Navoiy nomidagi Toshkent davlat o‘zbek tili va adabiyoti universiteti tomonidan qo‘yilgan bu qadamni ikki davlat o‘rtasidagi mavjud munosabatlarni mustahkamlash yo‘lidagi bir xizmat sifatida baholadi va oliy ta’lim muassasasi rahbariyatiga va bu sohadagi oliyjanob xizmatlari uchun Xuraman Murodovaga minnatdorchilik bildirdi.
So‘ngra so‘zga chiqqan shoira Xuraman Murodova ona yurti Ozarbayjonning o‘zbek xalqiga salomini yetkazib, Turkiy dunyoning nufuzli markazlaridan biri bo‘lgan Alisher Navoiy nomidagi Toshkent davlat o‘zbek tili va adabiyoti universiteti jamoasi va rahbariyatiga ijodini baholashdagi ezgu qadamlari uchun chuqur minnatdorchilik bildirdi. O‘zbekiston ham xuddi Ozarbayjondek ona yurt ekanini ta’kidlagan shoira bu yurtga borishdan oldin ham qalbida bu qadimiy, sirli zaminga mehr-muhabbat borligini bildirib, ijodining turli davrlarida O‘zbekistonga, o‘zbek xalqiga va qadimiy Turkiston zaminiga bag‘ishlab, o‘nlab she’riy namunalar yozganini ta’kidladi. O‘zbek kitobxoni tomonidan uning ijodiga ko‘rsatilayotgan katta qiziqish uning she’riy ruhini mustahkamlab, yangi-yangi asarlar yaratishga undaganini ta’kidlab, X.Murodova o‘zbek xalqiga uning shaxsi va ijodiga berilayotgan katta e’tibor, loyiq ko‘rilgan faxriy unvoni uchun universitet rahbariyati va jamoasiga minnatdorchilik bildirdi.
So‘zga chiqqanlar professor Nurboy Jabborov, dotsent Gulbahar Ashurova Xuraman Murodovani tabriklab, ijodiy muvaffaqiyatlar tiladilar.
Yakunda universitet jamoasi va tadbir ishtirokchilari bilan esdalik uchun suratga tushildi.
Aytish mumkinki, xayrixoh tadbirkor, shoira Xuraman Murodova ham Turkiy dunyo Fanlar akademiyasi faxriy professori, Turkiy dunyo Oltin yulduzi va “Shon-sharaf” medali sovrindori, “Humay” milliy mukofoti sovrindori, “Vektor” Xalqaro Fanlar akademiyasi faxriy professori, Oʻzbekiston xalqaro adabiyot va sanʼat ijtimoiy fanlar akademiyasining faxriy akademigi va boshqa bir qancha mukofotlarning sovrindori hisoblanadi. 10 dan ortiq sheʼriy kitoblar muallifi sifatida X. Murodova ijodiga koʻplab musiqalar bastalangan, uning she’riy namunalaridan iborat toʻplamlar turk va oʻzbek tillarida nashr etilgan.
20.08.2024