MUQADDIMA
Ozarbayjon Respublikasi aholisining kundalik aloqa vositasi va rasmiy davlat tili bo‘lgan Ozarbayjon tili Ural-Oltoy tillari oilasi turkiy tillar sho‘basining o‘g‘uz lahjasi tarkibidagi g‘arbiy guruhga mansubdir. Ozarbayjon tilidan Ozarbayjon, Eron, Iroq, Gruziya, Rossiya, Turkiya, Ukraina, Suriya, Afg‘oniston, O‘zbekiston, Qozog‘iston va boshqa o‘lkalarning hududlarida foydalaniladi va bu til dunyoning turli mamlakatlarida yashagan 60 milliondan oshiq ozarbayjonlik insonning ona tilidir.
Ozarbayjon tili genologik tasnifga ko‘ra turkiy tillardan biri bo‘lib, til oilasining o‘g‘uz guruhiga mansubdir va eng yaqin tillardan bo‘lgan turk, turkman, gagauz tillari bilan birgalikda hududiy tamoyilga ko‘ra, turkiy tillarning janubiy-g‘arbiy guruhini tashkil qiladi.
An’anaviy-morfologik yoki tipologik tasnif nuqtai nazaridan Ozarbayjon tili agglyutinativ tillar turkumiga kiradi. Bu guruhga kiruvchi barcha tillarda bo‘lgani kabi Ozarbayjon tilidagi so‘zlarning ham o‘zagi mustaqil so‘zlardir va shu bilan birga grammatik ma’no va munosabatlar har doim so‘z o‘zagidan keyin qo‘shiluvchi qo‘shimchalar yordamida yasaladi. Barcha so‘z o‘zaklari leksik va grammatik ma’nosi bo‘lgan mustaqil so‘zlardir, grammatik ma’nolar va grammatik aloqalar esa har doim so‘z o‘zagi (asosi) va o‘zakdan keyingi bir ma’noli (monosemantik) qo‘shimchalar yordamida ifodalanadi.
Umumxalq Ozarbayjon tili eramizning V asrida shakllangan bo‘lsa, VI-VIII asrlar esa og‘zaki adabiy tilning shakllanishi va rivojlanishi davridir. Bu davrning eng mukammal asari “Kitobi-Dada-Qo‘rqut” dostonidir.....