Ozarbayjon milliy folklorida raqs musiqasi alohida o'rin tutadi. Ozarbayjon xalq raqslari juda qadimiy tarixga ega. Buni Gobustanning qoyatosh rasmlaridan topilgan raqs sahnalari yaqqol tasdiqlaydi.
Ritmiga ko'ra ozarbayjon raqslari 3 guruhga bo'linadi: og'ir, sekin – "Mirzayi", "Turaji", "Uzundara"; yengil quvnoq – "Tarakama", "Jayroni", "Brilliant"; tez, shiddatli - "Gaytag'i"," Gazag'i","Xanchobani". Ba'zi raqslarning nomi esa harakatlar bilan bog'liq: "Suzma" (suzmoq),"Kesma" (kesmoq) "Atlanma" (otilmoq), "Cho'log'i" (oqsoqlanmoq).
Ayollar va erkaklar raqslari bir-biridan farq qiladi. Ayollar raqslarida uzun yubka oyoqlarning ohista harakatiga halal bermaydi, raqqosalarning barcha diqqati esa qo'l va tananing yuqori qismi (elka, bosh, yuz ifodalari va h.k.) harakatiga qaratiladi. Erkak raqsining asosiy xususiyati oyoqlar harakatidir. Raqqos barmoqlarida turadi, tizzalari tezda yerga uriladi. Xotin-qizlar raqslari vazminligi, nafisligi, yumshoq ohang va lirikasi bilan ajralib turadi ("Vag'zali"," Nalbaki","Jayroni"," Turaji"," Innabi " va boshqalar.), erkak raqslari tez, jo'shqin, jasorat va kuchni ("Xanchobani", "Gaytag'i", "Gazag'i") ifodalaydi.
Raqslarga odatda xalq cholg'u asboblari - zurnachilar triosi (2 zurna va 1 nog'ora), sozanda triosi (tor, kamoncha (g'ijjak), daf (doira)) va boshqalar jo'rlik qiladi. Ozarbayjonning mashhur raqqosa va raqqoslaridan Emina Dilbazi, Afag Melikova, Roza Halilova, Tarona Murodova, Tamilla Mammadova, Buyukog'a Mammadov, Komil Dadashev, Buyukog'a Otaboboyev va boshqalar o'z chiqishlarida milliy unsurlarni asrab-avaylab, milliy raqsimizni rivojlantirib, yangi tuslar bilan boyitdilar.
Ozarbayjon xalq raqslari juda xilma-xildir. Ular tuzilishi, syujeti va mavzusi bilan bir-biridan katta farq qiladi. Bugungi kunda mashhur bo'lgan milliy raqslarimizga - "Ozarbayjon", "Heyvagyulu" ("Behiguli"), "Uzundara", "To'y raqsi", "Turaji", "Tarakama", "Jangi", "Shalaxo", "Innabi", "Gizilgul" ("Atirgul"), "Gazag'i", "Gaytag'i", "Gochali", "Lola", "Misri", "Naznazi", "Vag'zali", "Yalli" va boshqalarni misol keltirish mumkin.
Xalq orasida jamoaviy raqslar namunalari ham bor. Ulardan eng qadimiysi "Yalli"raqsi. Naxchivan-Sharur viloyati raqs guruhlari tomonidan ijro etiladigan "Yalli" o'ziga xosligi bilan ajralib turadi. Yana bir jamoaviy raqs - "Jangi" bo'lib, u o'tmishda, odatda, jangchilar tomonidan ijro etilgan. Shuningdek, Ozarbayjonning geografik nomlarini o'z ichiga olgan "Darbandi"," Ashxobodi"," Askaroni","Qars" va boshqa milliy raqslarimiz ham bor.
Roppa-rosa 75 yil avval daho bastakor Uzeyir Hojibekov Ozarbayjon Davlat qo'shiq va raqs ansamblini yaratgan edi. Ansambl bugungi kunda ham faoliyat ko'rsatmoqda. U tomoshabinlarga bir-biridan chiroyli raqslar va yoqimli kayfiyat baxsh etadi.