OSHIQ (BAXSHI) SAN'ATI
Ilk O'rta asrlarda (XIII - XIV asrlar nazarda tutiladi) vujudga kelgan Oshiq san'ati aslida qadimgi o'zan san'atining davomi va vorisidir. O'zan san'ati Ozarbayjon xalqining etnogenezi va shakllanishida katta rol o'ynagan o'g'uz qabila uyushmalarining keng tarqalgan san'ati edi. Juda qadimiy ildizlar, boy afsonaviy tasavvurli talqinga ega bo'lgan o'zanlar o'rta asrlarning konservativ diniy mafkurasiga uzoq vaqt qarshilik ko'rsatishlariga qaramay, ular Dada Qo'rqut an'analarini saqlab qola olmadilar va asta-sekin o'z maydonlarini oshiq san'tiga bo'shatib berdilar.
Tarixning turli bosqichlarida oshiq san'atini tamsil etgan so'z ustalari yozma adabiyot klassiklari bilan ayni darajada turgan san'atkor bo'lganlar.
Oshiq san'ati sinkretik xarakterga ega. Unda musiqa, she'riyat, hikoya, raqs, pantomima, teatr san'ati elementlari organik ravishda birlashadi. Ya'ni, oshiq ijod, ijrochilik, pedagogik asoslarni birlashtiradi. Bu jihatlarni o'zida mujassamlashtirgan va shogirdlar yetishtirgan san'atkorlar "usta oshiqlar"deb ataladi.
Mahorat xususiyatlariga ko'ra, oshiqlar uchga bo'linadi:
1. Ustoz oshiqlar – sinkretik oshiq soz va nutq san'atidagi eng yorqin shaxs sifatida o'zida shoirlik va bastakorlik iste'dodi, mukammal hofizlik, cholg’uchilik, aktyorlik va hatto raqs mahoratini, eng muhimi, tajribali va dono ustozlikni (muallimlik) uzviy bog’laydi;
2. Ijrochi oshiqlar – soz va so'zning qadimiy an'analarini ado etgan, xalq orasida yoygan san'at ustalaridir. Ularning Ozarbayjon xalqi folklorini saqlab qolish va rivojlantirishda xizmatlari katta;
3. Shoir oshiqlar – xalq orasidan chiqqan shoirlar, oshiq san'atining she'riy namunalarini yaratgan, xalq she'riyati rivojiga hissa qo'shgan so'z ustalari.
Shoir-oshiqlar she'r yaratishda hamisha an'anaviy ohanglarga tayanadilar. Bu ham mazkur she'rlarni qo'shiqchi-oshiqlar tomonidan cholg'u chalib kuylash orqali tarqatish imkonini beradi. Oshiq san'atida an'analarni og'zaki yetkazish asosiy jihatlardan biridir. Oshiqlar faqat ma'lum asarlarni ijro etish bilan kifoyalanmay, balki ularga yangi qirralarni olib kiradilar, takomillashtiradilar, shu tariqa asar ijodkorlaridan biriga aylanadilar. Oshiq ijodining asosiy janrlari dostonlar va oshiq kuylaridir.
An'anaviy mumtoz oshiq kuylari - bayoti, garayli, qo'shma, muxammas, devoni, tajnis va hokazo she'riy shakllarga asoslanadi. 80 dan ortiq ("Ruhoniy", "Keremiy", "Afshoriy", "Misriy", "Dilg'amiy", "Kuyuk Kerem" va boshqalar) oshiq navolarining alohida hududiy variantlari mavjud. Doston oshiq san'atining muhim janri hisoblanadi. Ko'p qismli adabiy-badiiy musiqiy asar bo'lgan dostonda she'r, nasr va musiqa o'rin almashadi. Oshiq ijodining kichik shakllari dostonga kirib, uning ajralmas qismini tashkil etadi. Dostonlar mavzu jihatdan xilma-xil: qahramonlik ("Ko'ro'g'li"), muhabbat ("Asli va Kerem") dostonlari va boshqalar.
Oshiqlarning asosiy cholg'u asbobi soz hisoblanadi. Soz simlarining asosiy uch guruhi kvarta-kvinta nisbatda sozlanadi, boshqa interval nisbatlari ham bor. Oshiq musiqasining kuy va shaklining o'ziga xos xususiyatlari sozning bu tuzilishi bilan bog'liq. Oshiq she'riyatida musiqa va she'riy matnning o'zaro aloqasi ularning ohangdor-ritmik, shakl xususiyatlarining shakllanishiga sezilarli ta'sir ko'rsatadi. Oshiq she'riyatining asosini bo'g'in tashkil etadi. Ohanglarning tuzilishi she'rning shakli va bo'g'in tarkibi, bo'linish xususiyatlari bilan bog'liq holda yuzaga keladi. Gurbani (XVI asr), Abbos Tufarganli, Sari Oshiq (XVII asr), Xasta Qosim, Oshiq Valeh, Oshiq Dilg'am (XVIII asr), Oshiq Ali, Oshiq Alasqar, Oshiq Husayn Shamkirli (XIX asr) va boshqalar o'tmishning mashhur oshiqlaridir. XX asr oshiqlari orasida Huseyn Bozalganli, Oshiq Asad, Oshiq Mirza, Oshiq Islom, Oshiq Shamshir, Huseyn Sarajliy, Amrah Gulmamedov, Huseyn Javan, Ashug Kamandar, Imran Hasanov, Mikoil Azafli, Akbar Jafarov, Adalat Nasibov va boshqalar ajralib turadi. Oshiq san'ati, ayniqsa, Ozarbayjonning Gazax, Tovuz, Shamaxi viloyatlarida, shuningdek, Go'ycha va Borchali tumanlarida ayniqsa keng tarqalgan.
Oshiq she'riyati o'tgan asrlarda og'zaki va yozma adabiyotning yangi cho'qqiga ko'tarilishiga kuchli turtki berdi. Qadim Oqqo'ylilar yurti bo'lgan Go'ycha tumanida yirik oshiq asli - oshiq maktabi mashhur bo'ldi. Shoir Mammadhusayn, Oshiq Ali, Oshiq Muso, Mirza Beylar, shoir Hoji Alish og'a, Oshiq Aziz, Oshiq Ahmed, Oshiq Maharram, Shishgayali Aydin va boshqa o'nlab ustalar timsolida buyuk soz-so'z sarrofi Oshiq Alasgar kamolga yetgan. XIX asr oshiq maktablarni faqatgina Go'ycha viloyati tamsil etmasdi. Shamkir tumanida Oshiq Huseyn, Oshiq Qosim, Yaxyo Bey Dilgam , Qoratog'da Oshiq Mahmud va Oshiq Jamal, Shirvonda Jafargulu, Kelbajarda Ashug Gurban, Gazaxda Oshiq Samad, Masazirda Oshiq Hasan, Bokuda Oshiq Javad, Samurda Oshiq Rajab, Jabrailda Bog'bon, Shaki Mulla Juma, Borchalida Shenlik, Ibrohim kabi ustoz san'atkorlar mashhur bo'lganlar. Bu san'atkorlar ijodida ham qadimgi oshiq san'ati an'analari rivojlandi, hamda asrning, yangi ijtimoiy-siyosiy muhitning muhim voqealari, hayotiy o'z faktlar aksini topdi, voqelik realistik ranglar bilan jonlantirildi.
Qadimiy madaniy merosga ega bo'lgan Oshiq san'atining so'nggi paytlarda dunyoda rivojlantirilishi Haydar Aliyev jamg'armasi prezidenti YuNESKO va ISESKO-ning yaxshi niyat elchisi Mehribon Aliyeva xonim nomi bilan bog'liq. Ozarbayjon Oshiq san'atining xalqaro maydonda targ'ib va e'tirof etilishi bu san'atni asrab-avaylash va kelajak avlodlarga yetkazish maqsadiga xizmat qiladi. Ozarbayjonda soz-so'z san'ati yuksak darajada qadrlanadi. Oshiq san'ati bolalar musiqa maktablari, musiqa va san'at kollejlari, Ozarbayjon Milliy konservatoriyasi, Madaniyat va san'at universitetida o'qitiladi. Respublikamizda o'tkazilayotgan oshiq musobaqalari va xalqaro oshiq festivallari yosh oshiq ijrochi nasllarini tarbiyalash uchun katta imkoniyatlar yaratdi. Mamlakatimiz madaniy hayotida so'nggi yillarda ro'y berayotgan yangiliklar, milliy-ma'naviy qadriyatlarga hurmat va e'tibor xalq ommasining chuqur rag'batini qozondi. Milliy - ma'naviy qadriyatlarga g'amxo'rlik davlat siyosatining asosiy tamoyillaridan biridir.
Ozarbayjon oshiq san'ati 2009 yil 28 sentyabr – 2 oktyabr kunlari Birlashgan Arab Amirliklarining Abu-Dabi shahrida bo'lib o'tgan YuNESKOning Nomoddiy madaniy merosni muhofaza qilish Komitetining 4-sessiyasida tashkilotning nomoddiy madaniy merosi reprezentativ ro'yxatiga kiritildi. Bu voqea oshiq san'atining Ozarbayjon madaniy merosining eng qadimiy namunalaridan biri ekanligini xalqaro miqyosda yana bir bor tasdiqlaydi.