XABARLAR 2022
O‘zbekistonning “Yoshlar” telekanali Ozarbayjonda bo‘lib o‘tgan Milliy Yaylov Festivali haqida yoritdi.
O‘zbekistondagi Haydar Aliyev nomidagi Ozarbayjon Madaniyat Markazi ko‘magida O‘zbekistonning “Yoshlar” telekanalidagi “Sayohatlar shamoli” ko‘rsatuvida Ozarbayjon va turkiy xalqlarning ming yillik tarixga ega yaylov an’analari va xalq madaniyatini targ‘ib qiluvchi dastur namoyish etildi.
Ko‘rsatuvda Goygol tumanidagi Hojikend qishlog‘i yaqinida joylashgan sirli Xon platosida o‘tkazilgan II Milliy Yaylov festivaliga oid qiziqarli ma’lumotlar haqida so‘z bordi.
Jurnalist Mavluda Toshpo‘latova dasturda dunyoning 22 mamlakatidan 300 ga yaqin mehmon ishtirok etgan II Milliy Yaylov festivali Ozarbayjonning milliy va ma’naviy qadriyatlar targ‘iboti, ko‘chmanchilar madaniyatni xalqaro darajada olib chiqqani bilan diqqatga sazovor ekanini alohida qayd etdi.
Shuningdek, boshlovchi M.Toshpo‘latova tadbirda turkiy xalqlar vakillari o‘z chodirlarini o‘rnatish va mavzuga oid burchaklarni shakllantirish orqali o‘z mamlakati madaniyatini namoyish etganini ta’kidladi.
Dasturda festival doirasida maxsus bezatilgan “Jidir maydoni”, “Yaylov bozori”, “Hunarmandchilik burchagi”, “Dada Qo‘rqud o‘chog‘i”, “Yaylov uyi”, “Pahlavon maydoni”, “Oshiq Alaskar o‘chog‘i”, “Yaylov stoli” kabi maxsus burchaklar haqida keng ma’lumot berilgan.
Tayyorlangan dasturda tomoshabinlar xorijiy mamlakatlardan taklif etilgan etnik musiqiy guruhlar, mahalliy jamoalarning chiqishlari, milliy raqslar, xalq qo‘shiqlari, Ozarbayjon madaniyati namunalari, sahna va teatr kompozitsiyalari, qadimiy xalq o‘yinlari, hunarmandchilik, milliy liboslar bilan tanishish imkoniyatiga ega bo‘lishdi.
Qayd etilishicha, “Milliy Yaylov Festivali” keng geografik makonda yashovchi turkiy xalqlarining umumiy tarixiy an’analari va madaniyatlarini o‘zaro tanishtirish, bu borada millatlararo madaniy-etnografik, ilmiy-amaliy hamkorlik uchun muvaffaqiyatli va qulay maydon bo‘lib xizmat qiladi.
Muallif festivalga sport o‘yinlari, ot sporti, musobaqalar, sahna asarlari va milliy sport turlari namoyish etilgani, madaniy-etnografik qismga esa Oshiq qo‘shiqlari, milliy raqslar (Yalli, jangi), xalq qo‘shiqlari, skit va tomoshalar fayz bag‘ishlaganini e’tirof etdi.
Dastur davomida festivalda “Yaylov (sport) o‘yinlar” shartli nomi ostida qadimiy an’analarga asoslangan ot sporti musobaqalari, ot sporti o‘yinlari va milliy sport turlari bo‘yicha musobaqalar namoyish etilib, namunali chiqishlar tomoshabinlar hukmiga havola etildi.
19.12.2022