XABARLAR 2022
O'zbekistonda Zahiriddin Muhammad Boburga bag'ishlangan xalqaro konferensiyada Ozarbayjon ham keng namoyish etildi.
O'zbekiston Fanlar Akademiyasi Beruniy nomidagi Sharqshunoslik institutida “Boburiylar sulolasi: tarixi, adabiyoti, madaniyati” mavzusida ilmiy konferensiya bo'lib o'tdi.
Xalqaro anjuman O'zbekiston Fanlar Akademiyasining Beruniy nomidagi Sharqshunoslik instituti, Hindistonning O'zbekistondagi elchixonasi va Hind Madaniyat markazi tomonidan tashkil etildi.
Tadbirda O'zbekiston va Hindiston olimlari bilan bir qatorda Ozarbayjon, Turkiya, Eron, Shveytsariya va boshqa mamlakatlardan boburshunos olimlar onlayn formatda ishtirok etdi.
Anjumanni O'zbekiston Fanlar Akademiyasi vitse-prezidenti, Beruniy nomidagi Sharqshunoslik instituti direktori Bahrom Abduhalimov ochib berar ekan, shoir va davlat arbobi Zahiriddin Muhammad Bobur va boburiylar sulolasi, bu sulolaning tarixdagi o'rni haqida so'zlab berdi.
O'zbekistondagi Haydar Aliyev nomidagi Ozarbayjon Madaniyat Markazi direktori Samir Abbosov o'rta asrlar Sharq madaniyati, adabiyoti va she'riyatida muhim o'rin tutgan adib, o'zbek mumtoz adabiyotining yorqin vakillaridan biri, buyuk shoir, tarixchi, davlat arbobi, iste'dodli sarkarda Zahiriddin Muhammad Bobur va boburiylar sulolasi haqida atroflicha so'z yuritdi.
U o'z so'zida, Bobur Hindistonda boburiylar sulolasini yaratgan va bu mamlakat tarixiga buyuk davlat arbobi sifatida kirgan, deya qayd etdi. Shoirning o'zbek tilida yozilgan "Boburnoma" asari juda mashhur, deya e'tirof etdi.
Boku Davlat universiteti Turkologiya kafedrasi mudiri, professor Ramiz Asker "Anqara milliy kutubxonasida Bobur asarlari" mavzusida, Ozarbayjon Milliy Fanlar Akademiyasi Nizomiy Ganjaviy nomidagi adabiyot instituti Ozarbayjon-Turkmaniston-O'zbekiston adabiy aloqalari kafedrasi mudiri Almaz Ulvi Binnatova "Boburnomadagi tazkirachilik an'analari" mavzusida va ushbu institutning katta ilmiy xodimi, filologiya fanlari doktori Baxtiyor Mammadov "Bobur asarlari umumturk madaniyatining ajralmas qismi sifatida" mavzusida ma'ruzalar qildilar.
Turkiyalik olim Tanju Seyxan, Sharqshunoslik instituti xodimlari Salimaxon Eshonova, Oysara Madaliyeva va boshqalar Bobur va boburiylar sulolasi haqida batafsil so'z yuritdilar.
So'ngra Samir Abbosovga tadbirda faol ishtirok etgani uchun institut diplomi topshirildi.
21.02.2022