XABARLAR 2023
Bokuda Oʻzbekiston Madaniyati Kunlarining tantanali
ochilish marosimi oʻtkazildi.
Madaniyat Vazirligining tashkilotchiligida 1-4 avgust kunlari Haydar Aliyev Saroyida Oʻzbekiston Madaniyati Kunlarining ochilish marosimiga bagʻishlangan tantanali konsert dasturi tashkil etildi.
Avvalo, Madaniyat vaziri Odil Karimli Ozarbayjonda Oʻzbekiston Madaniyati Kunlarining oʻtkazilayotganidan mamnun ekanini bildirib, bu ikki qardosh mamlakat orasidagi doʻstlik aloqalarining yanada mustahkamlanishiga hissa qoʻshishiga urgʻu qaratdi.
Vazir nutqida Oʻzbekiston Madaniyati Kunlari oʻziga xos xususiyatga ega ekanligini taʼkidladi. Oʻzbekiston musiqachilari, sanʼatkorlari 200 dan ortiq ijodiy jamoalar bilan yurtimizga tashrif buyurib, toʻrt kun davomida boy oʻzbek madaniyati durdonalarini taqdim etadilar.
Vazir Ozarbayjon va Oʻzbekistonni bogʻlab turgan qadimiy tarixiy aloqalar, boy umumiy madaniyat va anʼanalar haqida toʻxtalib, shunday dedi: “Xalqlarimiz oʻrtasidagi mustahkam va uzilmas doʻstona munosabatlar tarixiy birodarligimiz ramzidir. Prezident Ilhom Aliyev va Prezident Shavkat Mirziyoyevning alohida saʼy-harakatlari tufayli bugun mamlakatlarimiz oʻrtasidagi strategik sheriklik munosabatlari kengayib, hamkorlik har tomonlama rivojlanmoqda. Mamlakatlarimiz rahbarlari oʻrtasidagi yuksak doʻstona munosabatlar, oʻzaro uchrashuv va tashriflar, samarali muloqotlar, hamkorlikka salmoqli hissa qoʻshilayotgani munosabatlarimizni yangi bosqichga olib chiqmoqda.
Davlatlarimiz oʻrtasidagi hamkorlik faqat ikki tomonlama munosabatlarni rivojlantirish bilan cheklanib qolmaydi. Shuningdek, u bir qator xalqaro va mintaqaviy tashkilotlarda muvaffaqiyatli davom etmoqda. Biz xalqaro maydonda yagona pozitsiyadan turib harakat qilamiz, xalqlarimizning madaniy merosi va qadriyatlarini asrab-avaylash, jumladan, ularni jahon miqyosida targʻib qilish boʻyicha qoʻshma tadbirlarni amalga oshirmoqdamiz. Ozarbayjon va Oʻzbekiston xalqi doim insoniyat hamda turkiy madaniyatga misli koʻrilmagan hissa qoʻshib kelayotir.
Boshqa sohalarda boʻlgani kabi mamlakatlarimiz oʻrtasida ham koʻp qirrali madaniy aloqalar rivojlanmoqda. Madaniy sohadagi aloqalarni rivojlantirishda Toshkentda faoliyat yuritayotgan Haydar Aliyev Markazining rolini alohida taʼkidlash lozim. Markaz xalqlarimizni yaqinlashtirish yoʻlida muhim loyihalarni amalga oshirmoqda.”
Oʻzbekiston Madaniyat vaziri, ushbu mamlakatning xalq artisti Ozodbek Nazarbekov Ozarbayjon Prezidentiga samimiy qabul va Ozarbayjonda Oʻzbekiston Madaniyati Kunlarini oʻtkazishda qoʻllab-quvvatlagani uchun minnatdorlik bildirdi. Vazir xalqlarimizni koʻp asrlik doʻstlik rishtalari va umumiy tarixiy taraqqiyot yoʻli birlashtirajagini qayd etib, davlatlarimiz orasidagi aloqalarni mustahkamlashda ikki mamlakat rahbarlarining samimiy doʻstona munosabatlari muhim oʻrin tutishini taʼkidladi.
Soʻngra, Ozarbayjon va Oʻzbekiston sanʼat ustalari ishtirokida Oʻzbekiston Davlat Simfonik Orkestri hamrohligida kengaytirilgan konsert dasturi taqdim etildi. Dasturda milliy va klassik asarlarning namunalari namoyish etildi.
Qayd etish lozimki, konsert oldidan vazir Ozodbek Nazarbekov boshchiligidagi delegatsiya Faxriy xiyobon va Shahidlar xiyoboniga tashrif buyurdi. 1-4 avgust kunlari Bokuda Ozarbayjon va Oʻzbekiston Madaniyat vazirliklari tomonidan Madaniyat kunlari doirasida tashkil etiladigan katta konsert dasturi bilan bir qatorda, kelgusi kunlarda teatr tomoshalari, kitoblar koʻrgazmasining ochilishi va boshqa qiziqarli tadbirlar oʻtkazilishi rejalashtirilgan.
01.08.2023