“Shusha Turk dunyosining madaniyat poytaxti” ensiklopedik nashri va Shusha shahrining pochta markasi taqdim etildi.
O‘zbekistondagi Haydar Aliyev nomidagi Ozarbayjon Madaniyat Markazi tashabbusi va loyihasi bilan tayyorlangan “Shusha Turk dunyosining madaniyat poytaxti” deb nomlangan 5 tilda (ozarbayjon, o‘zbek, turk, ingliz va rus) ensiklopedik nashr va Shusha bilan bog'liq pochta markasi 13-oktabr kuni 1-Turk dunyosi madaniyat forumi doirasida Shusha shahrida taqdimoti bo'lib o'tdi.
Nashr Ozarbayjon Madaniyat Vazirligi va O‘zbekistondagi Haydar Aliyev nomidagi Ozarbayjon Madaniyat Markazining qo‘shma loyihasi asosida chop etildi.
OMFA prezidenti, akademik Iso Habibbeyli, Toshkent Davlat Pedagogika Universiteti professori Erkin Nuriddinov, O‘zbekiston-Ozarbayjon do‘stlik jamiyati ijrochi direktori, Milliy Majlis deputati, akademik Nizomiy Jafarov, O‘zbekistondagi Haydar Aliyev nomidagi Ozarbayjon Madaniyat Markazi direktori Samir Abbasov, xalq shoiri Sobir Rustamxonli taqdimotda so‘zga chiqdi.
Qomusiy-axborot kitobini tayyorlashdan ko‘zlangan asosiy maqsad turkiy dunyoning madaniyat poytaxti Shusha shahri haqida batafsil ma’lumotlarni bir manbada to‘plash istagi va zarurligi ekanligi ta’kidlandi. Nashrda nafaqat Shushaning o‘tmishi, bosib olinishidan oldingi davr, balki u ozod qilingandan keyingi davr haqida ham ma’lumotlar bor.
Ozarbayjonning qadimiy shahri, madaniyat poytaxti Shusha haqidagi eng muhim fakt va ma’lumotlar Toshkentdagi “Niso poligraf” nashriyot-matbaa ijodiy uyi tomonidan chop etilgan nashrda Shusha shahrining tarixi, madaniyati, sanʼati, adabiy muhiti, taniqli madaniyat, sanʼat, adabiyot arboblari, ijtimoiy-siyosiy hayoti, iqtisodiyoti, tarixi, diniy obidalari, binolari, tabiati, sayyohlik joylari, amalga oshirilgan qurilish ishlari haqida maʼlumotlar va fotosuratlar o‘z aksini topgan. Shuningdek Shusha shahrida o‘tkazilgan xalqaro va mahalliy tadbirlar, O‘zbekiston va Turkiyadagi Shusha bilan bog‘liq loyihalar ham nashrdan joy olgan.
Nashrda taʼkidlanishicha, Oʻzbekistondagi Haydar Aliyev nomidagi Ozarbayjon Madaniyat Markazi “Shusha yili” va Shusha shahrining “Turk dunyosining madaniyat poytaxti” deb eʼlon qilinishi munosabati bilan bir qator loyihalarni amalga oshirgan. Shunday qilib, XIX asrda Shushada faoliyat ko‘rsatgan “Majlisi-faramushon” she’rlar yig‘ini ikki mamlakat yosh shoirlari o‘rtasida qayta tiklandi, Shusha shahar kutubxonasi bilan O‘zbekiston Turon kutubxonasi o‘rtasida “Qardosh kutubxonalar to‘g‘risida” shartnoma imzolandi, Turon kutubxonasida “Shusha burchagi” tashkil etildi, Termiz Davlat Universitetida “Xurshidbonu Natavon nomidagi Ozarbayjon markazi” ochilib, Shushada yashab ijod qilgan ozarbayjon shoirasi, Qorabog‘xonning qizi Xurshidbanu Natavonning she’rlari o‘zbek tilida tarjima qilindi va nashr etildi. Xalqaro Turk Madaniyati va Merosi jamg‘armasi bilan hamkorlikda “O‘zbekistonda Shusha kunlari” deb nomlangan turkum tadbirlar o‘tkazilib, O‘zbekiston sahnalarida jahonga mashhur Shusha bastakori, musulmon Sharqidagi birinchi opera muallifi Uzeyir Hojibeylining asarlaridan kontsertlar tashkil etildi. Ozarbayjonning Shusha va O‘zbekistonning Xiva shaharlarini birlashtirish loyihasi har ikki shahar rahbarlarining imzosi bilan amalga oshirildi.
Ozarbayjon Madaniyat Markazining Shusha haqidagi navbatdagi loyihasi bo‘lgan “Shusha – Turk dunyosining madaniyat poytaxti” ensiklopedik-axborot kitobining ozarbayjon, oʻzbek, turk, ingliz va rus tillarida nashr etilishi Ozarbayjon madaniyati ibodatxonasi, “Turk dunyosining madaniy poytaxti” boʻlgan Shusha shahrining tarixi, madaniyati, turizmi va jahon madaniyatiga qoʻshgan hissasini nafaqat keng Turkiy ommaga, balki butun dunyoga yetkazishga xizmat qiladi.
So‘ngra O‘zbekistondagi Haydar Aliyev nomidagi Ozarbayjon Madaniyat Markazi loyihasi bilan O'zbekistonda birinchi marta Shusha shahrining “Turk dunyosining madaniyat poytaxti” deb e’lon qilinishi munosabati bilan “Shusha uchun chiqarilgan pochta markasi taqdimoti” bo‘lib o‘tdi.
Maxsus ishlab chiqilgan pochta markasida Shusha qal’asi, Ozarbayjon bayrog‘i tasviri, Qorabog‘ning maftunkor tabiati – Shusha, tumanga burkangan mahobatli tog‘lar, dunyoga mashhur mutafakkirlar, shoirlar, Shusha shahrining qadr-qimmatini oshirgan taniqli Shushaliklar, milliy musiqa asboblar (gaval, tor, kamon) kabi Ozarbayjon milliy madaniyatini aks ettiruvchi unsurlar hamda Qorabog‘, Shusha va g’alaba timsoli bo‘lgan “Xaribulbul” guli tasviri o’rin olgan.
Markani O‘zbekiston Markaziy pochtasi tomonidan ichki va xalqaro muomalaga chiqarish rejalashtirilgan.
So‘zga chiqqanlar har ikki loyihani yuqori baholab, bu ishga hissa qo‘shganlarga o‘z minnatdorchiligini bildirdi.
13.10.2023