XABARLAR 2024
Toshkentda Yunus O‘g‘uz qalamiga mansub “Amir Temur” tarixiy romanining taqdimoti bo‘ldi.
Toshkentdagi Alisher Navoiy nomidagi Toshkent davlat o‘zbek tili va adabiyoti universitetida Yunus O‘g‘uzning poytaxtdagi “Bayaz” nashriyotida o‘zbek tilida takroran nashr etilgan “Amir Temur” tarixiy romanining taqdimoti o‘tkazildi. Kitobni mashhur o‘zbek shoiri va tarjimoni, marhum Usmon Qo‘chqor tarjima qilgan.
Tadbirda O‘zbekistonning fan, madaniyat xodimlari, universitetning professor-o‘qituvchilar jamoasi, shoir va yozuvchilar, talabalar ishtirok etdi.
Taqdimotni filologiya fanlari doktori Gulbahor Ashurova ochib, Yunus O‘g‘uzning ijodi haqida ma’lumot berdi, uning O‘zbekistonda yaxshi tanilganini aytib o‘tdi.
Universitetning prorektori Gulnoza Jo‘rayeva bildirdiki, Y.O‘g‘uz O‘zbekistonda chop etilgan ilk kitobi –“Amir Temur” romani bilan shuhrat qozongan. U o‘zbek tarixi bilan bog‘liq shunday kitob yozganki, uni sevmaslikning iloji yo‘q.
O‘zbekistondagi Haydar Aliyev nomidagi Ozarbayjon Madaniyat Markazi direktor o‘rinbosari Nodir Alimirzayev O‘zbekiston va Ozarbayjon o‘rtasidagi adabiy aloqalar, tarixiy do‘stlik haqida ma’lumot berib, bu kabi asarlarni nashr etish va targ‘ib qilishga katta ehtiyoj borligini ta’kidladi. U Madaniyat Markazi tashabbusi bilan Yunus O‘g‘uzning bir qancha kitoblari nashr etilganiga e’tibor qaratib, yozuvchining asarlari Ozarbayjon va O‘zbekistonda, Turkiya, Eron, Qozog‘iston, Qirg‘iziston va boshqa mamlakatlarda nashr etilganini aytdi.
Olim va tarjimon Boboxon Sharifning aytishicha, Yunus O‘g‘uzning “Amir Temur”, “Shoh ayoli va jodugar”, “Sulton Alp Arslon”, “Otabey Eldeniz”, “Ovchi”, “Yo‘l” va boshqa romanlari dunyo yuzini ko‘rgan, mashhurlikka erishgan. Ishonamanki, Yunus O‘g‘uzning yangi-yangi asarlari bundan keyin ham o‘zbek tilida nashr etilajak.
Olim “Amir Teymur” romanining badiiy qimmati haqida gapirib, kitob kelajakda tarixni o‘rganishda qimmatli manba bo‘lishini ta’kidladi.
Filologiya fanlari doktori, professor Boqijon To‘xliyev Yunus O‘g‘uzning milliy qadriyatlarga daxldor adib ekanligini alohida ta’kidlab, uning romanlarida ana shu qadriyatlar, xalq asrlar davomida asrab-avaylab, kelayotgan ma’naviyat yuksak mahorat bilan tasvirlanganini ta’kidladi. Shuning uchun ham uning asarlarida kuzatilgan yozuv uslubi, voqealarning yorqin tasviri o‘quvchilarni o‘ziga tortadi.
Professorlar Saodat Muhammadova, Abdulla Ulug‘ov, Behbud Botirov va boshqalar Yunus O‘g‘uz ijodi haqida so‘z yuritdi. Aytildiki, hozirgacha adibning 50 dan ortiq kitobi dunyoning 25 dan ortiq davlatida nashr etilgan. Yunus O‘g‘uz “Atilla” pyesasi, “Nodirshoh”, “Tahmosibshoh”, “Qadimgi turklar va L.N.Gumilyov tadqiqotlarida ratsionallik nazariyasi”, “Turk tarixiga yangicha qarash”, “Qadimgi Anadolu va Ozarbayjon turklari” va boshqa kitoblari bilan mashhur.
Yakunda muallif so‘zga chiqib, kitob ustidagi ishlari haqida so‘zlab berdi. Y.O‘g‘uz asarning nashr etilishi va taqdimot marosimi uchun universitet va taqdimot ishtirokchilariga o‘z minnatdorchiligini bildirdi.
30.10.2024