XABARLAR 2024
O‘zbekistonda Maqsud Shayxzodaga bag‘ishlangan xalqaro anjuman bo‘lib o‘tdi.
O‘zbekistondagi Haydar Aliyev nomidagi Ozarbayjon Madaniyat Markazi tashabbusi va Toshkent davlat transport universiteti bilan birgalikdagi loyihasi asosida Ozarbayjon va O‘zbek xalqining buyuk o‘g‘li, o‘zbek dramaturgiyasining asoschilaridan biri bo‘lgan Maqsud Shayxzodaga bag‘ishlangan “Maqsud Shayxzoda adabiy ijodi va zamonaviylik” mavzusida xalqaro ilmiy-nazariy konferensiya bo‘lib o‘tdi. Konferensiyada Qozogʻiston, Qirgʻiziston, Turkiya, Ozarbayjon, AQSH, Xitoy va boshqa mamlakatlar olimlari ham qatnashdilar.
Toshkent davlat transport universitetining Maqsud Shayxzoda nomidagi anjumanlar zalida bo‘lib o‘tgan tadbirni kirish so‘zi bilan prorektor, dotsent Dilshod Baratov ochar ekan, Maqsud Shayxzoda ijodi yosh avlodni vatanparvarlik, qahramonlik ruhida tarbiyalashda katta ahamiyatga ega ekanligini ta’kidladi. Prorektor Ozarbayjon Madaniyat Markaziga shunday tadbirni tashkil etgani va Toshkent davlat transport universiteti bilan doimiy hamkorlik qilib kelayotgani uchun chuqur minnatdorlik bildirib, anjuman ishtirokchilariga muvaffaqiyatlar tiladi
So‘ngra so‘zga chiqqan Ozarbayjon Milliy fanlar akademiyasi A.Boqixonov nomidagi Tarix instituti xodimi Gulshan Kangarli O‘zbekistonda Shayxzoda adabiy merosiga qaratilayotgan alohida e’tibor unda katta iftixor tuyg‘usini uyg‘otganini, Shayxzoda ijodi qardosh xalqlar o‘rtasidagi adabiy-madaniy aloqalarni mustahkamlashda alohida rol o‘ynaganini ta’kidladi.
So‘zga chiqqan qozog‘istonlik olim, professor Nurlan Mingibayev Shayxzoda ijodining qozoq adabiyotiga ta’siri haqida gapirdi.
O‘zbekistondagi Haydar Aliyev nomidagi Ozarbayjon Madaniyat Markazi xodimi, filologiya fanlari doktori Karimulla Mammadzoda o‘z nutqida Ozarbayjonning buyuk o‘g‘li Maqsud Shayxzodaning o‘zbek adabiyoti va madaniyatida alohida o‘rni borligini ta’kidladi. M.Shayxzoda ijodi nafaqat o‘zbek adabiyoti, balki o‘zbek madaniyati va san’atining barcha sohalariga ta’sir ko‘rsatganini aytdi.
Konferensiyada ma’ruza bilan chiqqan AQSH Xofstra universiteti professori Elyor Karimov (onlayn), Ozarbayjon Milliy fanlar akademiyasi Nizomiy Ganjaviy nomidagi Adabiyot instituti kafedra mudiri, professor Almaz Ulvi (onlayn), Xitoyning Heyibey universiteti dotsenti Jessi Liua, Kastamonu universiteti dotsenti Murod Halmet, (onlayn), Mirza Ulug‘bey nomidagi O‘zbekiston milliy universiteti dotsenti Oybibi Iskandarova, xizmat ko‘rsatgan jurnalist Flora Gumar va boshqalar Maqsud Shayxzoda hayoti va ijodi haqida so‘zga chiqdi.
Ilmiy anjuman so‘ng O‘zbekistondagi Haydar Aliyev nomidagi Ozarbayjon Madaniyat Markazida badiiy chiqishlar bilan davom etdi.
Badiiy qismni kirish so‘zi bilan ochgan O‘zbekistondagi Haydar Aliyev nomidagi Ozarbayjon Madaniyat Markazi direktori o‘rinbosari Nodir Alimirzayev Ozarbayjon Madaniyat Markazi doimo Maqsud Shayxzoda ijodiga e’tibor qaratishini, Markaz har yili mazkur loyihani qo‘llab-quvvatlashini, M.Shayxzoda haqida nashrlar, filmlar, maqolalar va teledasturlar tayyorlayotganini ta’kidladi.
So‘ngra Ozarbayjon Madaniyat Markazi va O‘zbekistonning “Media Art” kinokompaniyasi tomonidan tayyorlangan, shoirga bag‘ishlangan “Maqsud Shayxzoda – ikki xalq farzandi” hujjatli filmi namoyish etildi. Ta’kidlash joizki, filmda Ozarbayjon va O‘zbekiston olimlari, san’at va madaniyat namoyandalarining Maqsud Shayxzoda ijodi haqidagi fikrlari, xotiralari o‘rin olgan. Anjumanning adabiy-badiiy qismida Toshkent davlat transport universiteti talabalari ishtirokida Mag‘sud Shayxzoda asarlaridan she’riy kompozitsiyalar, sahna ko‘rinishlari va Madaniyat Markazining “Ozarbayjon” raqs guruhi ijrosida milliy raqslarimiz namoyish etildi.
18.11.2024