XABARLAR 2024
O‘zbekistonda Xalqaro ona tili kuni munosabati bilan o‘tkazilgan
tadbirda Ozarbayjon vakillari ishtirok etdi.
O‘zbekistondagi Nizomiy nomidagi Toshkent davlat pedagogika universitetida Xalqaro ona tili kuni munosabati bilan tadbir tashkil etildi.
Tadbirni kirish so‘zi bilan ochib bergan Nizomiy nomidagi Toshkent davlat pedagogika universiteti prorektori Barno Abdullayeva butun dunyoda qayd etilgan Xalqaro ona tili kunining tarixi haqida ma’lumot berdi, ushbu muhim kunning O‘zbekistonda ham yuksak darajada nishonlanayotganini ta’kidladi. U O‘zbekistonda ona tiliga bo‘lgan davlat e’tiborini, ona tili masalasi davlat siyosati darajasida ekanligini gapirib, bu kabi ulug‘ maqsadda faoliyat ko‘rsatuvchi ilm, tahsil muassasalarining yaratilganini va muhim ishlar qilinayotganini aytib o‘tdi.
Keyinchalik chiqish qilgan O‘zbekistondagi Haydar Aliyev nomidagi Ozarbayjon Madaniyat Markazi direktori Samir Abbasov ona tili har bir xalqning, millatning borligi, kimligi va eng buyuk ma’naviy boyliklaridan biri ekanini alohida ta’kidladi. Dunyoning eng qadimiy, nihoyatda boy va go‘zal tillaridan biri bo‘lgan Ozarbayjon tilining ham zamonaviy davrda turkiy tillar orasida yetakchi, sevimli, yoqimli til ekanini ta’kidlagan Samir Abbasov Ozarbayjon tilining rivojiga doir Prezident Ilhom Aliyev tomonidan Davlat Dasturining qabul qilinganini o‘z nutqida bildirib o‘tdi. Diplomat ona tilimizning targ‘iboti va o‘qitilishi borasida Ozarbayjon Madaniyat Markazi tomonidan O‘zbekistonda amalga oshirilgan loyihalarni gapirdi. Samir Abbasov bu sohada amalga oshirilgan eng katta muvaffaqiyat bu – O‘zbekistondagi ikkita yetakchi oliy ta’lim muassasasida bir yildan ortiqroq vaqtdan buyon Ozarbayjon tilining o‘qitilayotgani ekanini ta’kidlab aytdi.
Diplomatdan so‘ng chiqish qilgan Nizomiy nomidagi Toshkent davlat pedagogika universitetining Xorijiy tillar kafedrasi mudiri Shahzoda Abdullayeva zamonaviy davrda xorijiy tillarni bilish juda katta ahamiyatga ega ekanligiga qaramasdan, har bir inson uchun eng avval o‘z ona tilining qadr-qimmatli bo‘lishini va yosh avlodning ham ona tiliga sevgi, muhabbat bilan ulg‘ayishi lozimligini so‘zladi.
Chiqish qilgan universitetning Ozarbayjon tili o‘qituvchisi Matonat Xudiyeva O‘zbekiston oliy ta’lim muassasalarida Ozarbayjon tili o‘rgatilishining buyuk tarixiy hodisa bo‘lganini aytib, darslar tashkillashtirilishida, yo‘lga qo‘yilishida yordam bergan O‘zbekistondagi Haydar Aliyev nomidagi Ozarbayjon Madaniyat Markaziga chuqur minnatdorchiligini bildirdi.
Tadbirning badiiy qismida universitet talabalari tomonidan Ozarbayjon va O‘zbek tillarida she’rlar aytildi, O‘zbek, shuningdek Ozarbayjon Madaniyat Markazining qoshida faoliyat ko‘rsatadigan Kaykep Aliyeva nomidagi “Ozarbayjon” raqs ansamblining ijrosida Ozarbayjon milliy raqslari, universitetda faoliyat yurituvchi to‘garaklarning ijrosida esa dunyoning turli xalqlariga oid milliy raqslar namoyish etildi, musiqalar ijro etildi.
Tadbirning so‘nggida universitetning ijtimoiy, ma’naviy-ma’rifiy hayotida faol ishtirok etgan bir guruh talabalar diplomlar bilan taqdirlandi.
21.02.2024