XABARLAR 2024
Ozarbayjonning ADA universiteti O‘zbekistonning oliy va o‘rta ta'lim muassasalarida xalqaro ta'lim dasturlarini taqdim etdi.
Ozarbayjon va O‘zbekiston o‘rtasida boshqa sohalarda bo‘lgani kabi, ta'lim sohasida ham hamkorlik aloqalari kengayib bormoqda.
2024-2025-o‘quv yili uchun abituriyent qabuli jarayonlari boshlanishi munosabati bilan Ozarbayjonning nufuzli ADA universiteti O‘zbekistondagi Haydar Aliyev nomidagi Ozarbayjon Madaniyat Markazining qo‘llab-quvvatlashi bilan Toshkent va Samarqand shaharlaridagi umumta'lim maktablarining bitiruvchi o‘quvchilari va universitet talabalari bilan uchrashuvlar o‘tkazib, xalqaro ta'lim dasturlari haqida taqdimotlar namoyish etdi.
ADA universiteti delegatsiyasi a'zolari Ozarbayjon Madaniyat Markazining hamkorlari bilan birgalikda Toshkent shahridagi 154-son, 5-son, 51-son, 17-son, 263-son, Al-Xorazmiy nomidagi ixtisoslashtirilgan maktab, Genesis Education maktabi, shuningdek bir qancha O‘zbekiston universitetlari - Nizomiy nomidagi Toshkent davlat pedagogika universiteti, Samarqand davlat veterinariya meditsinasi, chorvachilik va biotexnologiyalar universiteti, Jahon iqtisodiyoti va diplomatiya universiteti akademik litseyi kabi bir qancha davlat va xususiy ta'lim muassasalarida bo‘lib, o‘quvchilar va talabalar uchun xalqaro ta'lim dasturlarini taqdim etdi.
Eslatib o‘tamiz, ingliz va rus tillarida o‘tkazilgan taqdimotda ADA universiteti Talabalar qabuli sho‘basi vakili So‘na Mammadova va Biznes fakulteti katta o‘qituvchisi Muhammadfoiq Bahodirov Ijtimoiy va xalqaro munosabatlar, Huquqshunoslik, Biznes, Ta'lim, Dizayn va arxitektura, Qishloq xo‘jaligi va oziq-ovqat sanoati fakultetlarining bakalavriat va magistratura bosqichidagi ixtisosliklar bilan talabalarni yaqindan tanishtirdilar.
Shuningdek, o‘quvchilarga faqatgina ta'lim jarayoni emas, boshqa mamlakatlardan tashrif buyurgan talabalar uchun yashash sharoiti, parklar va istirohat maskanlari, osuda vaqtning tashkil etilishi, universitetdagi do‘stlik muhiti va shu kabi sharoitlar aks etgan videomateriallar ham namoyish etildi.
Uchrashuv katta qiziqishlarga sabab bo‘ldi, O‘zbekiston yoshlari o‘zlarini qiziqtirgan masalalar yuzasidan savollar bilan murojaat qilishdi, ta'lim jarayoniga doir fikr almashinuvi va muzokaralar olib borishdi.
27.02.2024