XABARLAR 2024
O‘zbekistondagi Ozarbayjon Madaniyat Markazida Navro‘z bayramiga bag‘ishlangan tadbir o‘tkazildi.
Navro‘z bayrami munosabati bilan O‘zbekistondagi Haydar Aliyev nomidagi Ozarbayjon Madaniyat Markazida bayram tadbiri bo‘lib o‘tdi.
Tadbirda Ozarbayjon Respublikasining O‘zbekiston Respublikasidagi elchixonasi xodimlari, O‘zbekistonning madaniyat, adabiyot va san’at xodimlari, O‘zbekistonda yashaydigan ozarbayjonliklar, universitetlarning professor va muallimlari, jurnalistlar ishtirok etdilar.
Dastavval tadbir ishtirokchilari uchun Navro‘z bayramining odat-an’analariga uyg‘un holda Navro‘z gulxani tayyorlandi. Ozarbayjon Madaniyat Markazining raqs ansamblining bolalari bayram gulxanining atrofida Ozarbayjon xalq raqsi bo‘lmish - “Yalli” raqsini ijro etdilar.
Bayram tadbirini O‘zbekistondagi Haydar Aliyev nomidagi Ozarbayjon Madaniyat Markazi direktori Samir Abbasov kirish so‘zi bilan ochib berib, tadbir ishtirokchilarini Navro‘z bayrami munosabatini bilan tabrikladi. Diplomat Ozarbayjonning tashabbusi bilan YUNESKO tashkilotining Insoniyatning nomoddiy madaniy merosi ro‘yxatiga kiritilgan Navro‘z bayrami Ozarbayjon xalqining madaniyat obidasi sifatida milliy madaniyat tariximizdagi boshqa bayramlardan o‘ziga xos xususiyatlari bilan alohida ajralib turishi haqida gapirdi. Direktor Ozarbayjon xalqining ming yillardan buyon saqlab kelayotgan milliy qadriyatlarimizni, turmush tarzimizni, madaniyatimizni, san’atimizni o‘zida namoyon etgan Navro‘z bayramining diyorimizda kutib olinishi va Navro‘z odatlari haqida tadbir ishtirokchilariga ma’lumot berdi.
Diplomat Ozarbayjonning Umummilliy lideri Haydar Aliyev milliy odat-an’analarga, shu jumladan Navro‘z bayramiga alohida ahamiyat qaratganini va bugun Ozarbayjonda Prezident Ilhom Aliyevning rahbarligi bilan Ozarbayjon xalqining milliy-madaniy qadriyatlarining saqlanishi va ularni rivojlantirish siyosati muvaffaqiyatli amalga oshirilayotganini ta’kidlab o‘tdi.
O‘zbekiston-Ozarbayjon do‘stlik jamiyatining ijrochi direktori, professor Erkin Nuriddinov, O‘zbekiston Oliy Majlisi deputati Gulbahor Saidg‘aniyeva o‘z chiqishlarida Turkiy dunyoda keng nishonlanadigan Navro‘z bayrami xalqlarimizning qadim tarixi va boy an’analarini o‘zida namoyon etgani haqida gapirdilar.
So‘zga chiqqanlar qadim tarix, ma’naviy ildizlar, qadriyatlar va boy madaniyatni o‘zida mujassam etgan Navro‘z bayrami xalqlarimiz yaqinligining ifodasi ekanini bildirdilar.
Keyinchalik esa tadbir ishtirokchilariga Navro‘z bayramining Ozarbayjonda nishonlanishi haqida videomaterial namoyish etildi.
Tadbirning badiiy qismida Ozarbayjon Madaniyat Markazining qoshida faoliyat ko‘rsatadigan Kaykep Aliyeva nomidagi raqs ansambli chiqish qildi, xonandalar Ra’no Azizova, O‘zbekiston davlat konservatoriyasi talabasi Olima Mahmudova va soz ustasi Ilhom Abdullayevning ijrosida esa Ozarbayjon va O‘zbek kuy-qo‘shiqlari yangradi.
Aytish joizki, tadbir ishtirkchilari milliy taomlar, shirinliklardan iborat bayram dasturxoniga taklif qilindi.
18.03.2024