XABARLAR 2024
O‘zbekistondagi Haydar Aliyev nomidagi
Ozarbayjon Madaniyat Markazi xalqaro ilmiy-amaliy anjumanda
Ozarbayjon davlati nomidan ishtirok etdi.
ishtirok etdi.
Xorazm viloyatining markaziy Urganch shahrida Xorazm viloyati hokimligi va Urganch davlat pedagogika instituti bilan hamkorlikda “Ta’limda turkiy xalqlar milliy mentalitetini mustahkamlashning dolzarb masalalari” mavzusida tashkil etilgan ilmiy-amaliy anjumanda O‘zbekistondagi Haydar Aliyev nomidagi Ozarbayjon Madaniyat Markazi ham Ozarbayjon nomidan ishtirok etdi.
Anjumanni kirish so‘zi bilan ochib bergan Urganch davlat pedagogika instituti rektori, dotsent Feruza Madraximova avvalo ishtirokchilarni salomlab, ularni ushbu tadbir bilan tabrikladi. Ilmiy-amaliy anjumanda qardosh turkiy davlatlar bilan birga Malayziya, Hindiston, AQSH, Rossiya, Germaniya kabi o‘lkalardan ham olimlarning ishtirok etayotganini bildirib, ushbu anjuman dolzarb mavzudagi anjumanlardan biri ekani haqida so‘z ochdi. Anjuman ishtirokchilariga omad tilagan Feruza Madraximova ushbu tadbir ishtirokchilari tomonidan mavzu atrofida samarali muhokamalarning olib borilishiga, qimmatli fikrlarning aytilishiga ishonchi komil ekanini bildirib o‘tdi.
Keyin chiqish qilgan Xorazm viloyati hokimining yoshlar siyosati, ijtimoiy rivojlantirish va ma’naviy-ma’rifiy ishlar bo‘yicha o‘rinbosari San’at Salayev bunday bir ulug‘ xalqaro tadbirning viloyatda o‘tkazilishini juda muhim va vojib hodisa sifatida baholadi. Bu tarzda tadbirlarning qardosh xalqlar orasida ilmiy, madaniy, adabiy aloqalarning mustahkamlanishida katta ahamiyat kasb etishini ta’kidlagan San’at Salayev bu tadbirlarni bundan keyin ham muntazam ravishda o‘tkazish kerakligini aytib o‘tdi.
So‘zga chiqqan keyingi mehmon Turkiya Respublikasi O‘ndo‘kuz Mayis universiteti rektori, professor Yavuz Unal ham, ta’limda milliy mentalitet ahamiyati haqida gapirib, boshlang‘ich sinflardan boshlab, oliy ta’lim bosqichigacha har bir shaxs uchun milliy o‘zlikning targ‘iboti va himoya qilinishining muhim masala ekanini ta’kidladi.
Chiqish qilgan O‘zbekistondagi Haydar Aliyev nomidagi Ozarbayjon Madaniyat Markazi maslahatchisi, inspektori, filologiya fanlari bo‘yicha falsafa doktori Karimulla Mammadzoda milliy qadriyatlarning targ‘iboti, himoya qilinishi, kelajak avlod vakillariga bu qadriyatlarning yetkazilishining muhim kundalik masala ekanini qayd etib, bu ishda ta’limning alohida roli borligini aytib o‘tdi. Ozarbayjon va O‘zbekistonning o‘rta, oliy ta’lim muassasalari bilan Ozarbayjon Madaniyat Markazining yaqin hamkorligidan so‘z ochgan Karimulla Mammadzoda bu sohada olib borilgan ishlar, amalga oshirilgan loyihalardan bahs yuritdi. Ozarbayjon Madaniyat markazi tomonidan O‘zbekistonning o‘ndan ortiq oliy ta’lim muassasalarida Ozarbayjon milliy madaniy markazlarining ochilganini qayd etgan Karimulla Mammadzoda Ozarbayjon turki milliy o‘zligining targ‘iboti ishida so‘z yuritilgan tajribaning samarali bo‘lganini ta’kidladi. Yoshlarimizda ilk tahsil bosqichidan e’tiboran milliy o‘zlik immuniteti mustahkamlanishining asosiy muhim masala ekanini aytgan Karimulla Mammadzoda ayni tarixga, milliy ildizlarga molik qardosh Turkiy xalqlar davlatlari orasida ta’lim sohasida aloqalarning yanada mustahkamlanishi kerakligini qayd etdi.
Keyingi chiqish qilgan ishtirokchi O‘zbekiston-Ozarbayjon do‘stlik jamiyati ijrochi direktori, professor Erkin Nuriddinov O‘zbekiston bilan Ozarbayjon o‘rtasida yuksalib borayotgan munosabatlardan so‘z ochib, ayniqsa, ta’lim sohasida bir necha loyihalarning amalga oshgani haqida gapirdi.
Anjumanda so‘zga chiqqan Xorazm viloyati hokimi o‘rinbosari – oila va xotin-qizlar boshqarmasi boshlig‘i Kutlimuratova Nigora Masharipovna milliy o‘zlikni, milliy ruhni asrab-avaylash va yuksaltirishda oilalar bilan birgalikda ta’lim muassasalarining, muallim va tarbiyachilarning ham buyuk mas’uliyati borligini aytib o‘tdi.
Anjumanda nutq so‘zlagan Urganch davlat universiteti prorektori, professor Sardor Xo‘janiyozov ta’limda milliy masalalarning e’tiborda saqlanishi uchun oliy ta’lim muassasalarida maxsus o‘quv dasturlari yanada mustahkamlanishining muhim bo‘lganini qayd etdi.
Chiqish qilganlar O‘ndo‘kuz Mayis universitetining Xalqaro aloqalar bo‘limi boshlig‘i, dotsent Mustafo Said Qurshuno‘g‘li, O‘zbekiston Fanlar Akademiyasi Tarix institutining bo‘lim boshlig‘i, professor Qahramon Rajabov, hindistonlik olim Vosim Salim Tamboli, Qozog‘istondan tashrif buyurgan, Milliy Badiiy Akademiyasi O‘rta ta’limdan keyingi ta’lim ilmiy markazi direktori, professor Arman Ayibbekova va boshqalar so‘zga chiqib, anjuman mavzusiga muvofiq mavjud va dolzarb masalalar yuzasidan bahs yuritdilar.
Xalqaro ilmiy-amaliy anjuman tushlik tanaffusidan keyin mahalliy, shuningdek xorijiy olimlarning onlayn va oflayn ishtiroklari bilan sho‘balar kesimida davom etdi.
23.03.2024