XABARLAR 2024
Nizomiy nomidagi Toshkent davlat pedagogika universiteti rektori Abdug'affor Qirg‘izboyev faoliyat muddatining yakunlanishi munosabati bilan O‘zbekistondagi Haydar Aliyev nomidagi Ozarbayjon Madaniyat Markazi direktori Samir Abbosovni qabul qildi.
Uchrashuvda Ozarbayjon Madaniyat Markazi bilan Nizomiy nomidagi Toshkent davlat pedagogika universiteti, O‘zbekiston-Ozarbayjon do‘stlik jamiyati o‘rtasidagi hamkorlik, o‘tgan davr mobaynida samarali faoliyat bo‘yicha fikr almashinuvi olib borildi.
Rektor Abdug'affor Qirg‘izboyev ikki mamlakatning tahsil muassasalari, universitetlari o‘rtasida hamkorlikning yo‘lga qo‘yilishi va kuchaytirilishi, o‘zaro safarlarning amalga oshirilishi, hamkorlikka doir memorandumlarning imzolanishi, talaba va o‘qituvchilar almashinuvi bo‘yicha yordam ko‘rsatgani uchun Ozarbayjon Madaniyat Markaziga o‘z tashakkurini bildirdi. Rektor o‘zi rahbarlik qilayotgan universitetda Ozarbayjon tili fani darsining o‘qitilishi boshlangani va bu darslarning olib borilishi maqsadida Ozarbayjondan muallimning taklif etilishi, shuningdek ikki o‘lka orasida do‘stlik va hamkorlikka oid ko‘plab muvaffaqiyatli loyihalarning amalga oshirilgani uchun Ozarbayjon Madaniyat Markazi direktori Samir Abbosovga o‘z tashakkurini bildirdi. Samir Abbosov hamkorligi va qo‘llab-quvvatlagani uchun Nizomiy nomidagi Toshkent davlat pedagogika universiteti rektori Abdug'affor Qirg‘izboyevga o‘z minnatdorchiligini bildirdi. Uchrashuv yakunida xotira sifatida qolishi uchun ikkala tomondan ham o‘zaro sovg‘alar taqdim etildi.
02.04.2024