XABARLAR 2024
O‘zbekiston Madaniyat vaziri faoliyat muddatining yakunlanishi munosabati bilan Ozarbayjon Madaniyat Markazi direktori Samir Abbasovni qabul qildi.
O‘zbekiston Madaniyat vaziri Ozodbek Nazarbekov O‘zbekistonda faoliyat muddatini tugatgan O‘zbekistondagi Haydar Aliyev nomidagi Ozarbayjon Madaniyat Markazi direktori Samir Abbasovni qabul qildi.
O‘zbekiston Madaniyat vazirligida o‘tkazilgan uchrashuvda ikki davlat o‘rtasida madaniyat sohasidagi aloqalar haqida gapirgan Madaniyat vaziri Ozodbek Nazarbekov davlat rahbarlarimizning sa’y-harakatlari natijasida mamlakatlarimiz o‘rtasida aloqalarning yuksak cho‘qqiga chiqqanini qayd etdi. Vazir Ozarbayjon bilan madaniy aloqalardan so‘z ochgan holda, Ozarbayjon Madaniyat vaziri bilan o‘tkazilgan uchrashuvlar, hamkorlikning kengaytirilishi, o‘tgan yil Ozarbayjonda mustaqillik yillarida ilk marotaba tashkil etilgan muhtasham tadbir - O‘zbekiston Madaniyat kunlarini qayd etib, ushbu madaniy aloqalarning yuksalishidan mamnun ekanligini bildirdi.
Ikki mamlakat o‘rtasida madaniyat sohasida ko‘rilgan ishlar va hamkorlikda Ozarbayjon xalqining Umummilliy yo‘lboshchisi Haydar Aliyev nomini olgan Ozarbayjon Madaniyat Markazining xizmatlarini ta’kidlagan vazir Ozodbek Nazarbekov o‘tgan 10 yil davomida bu sohada muhim va tizimli ishlarni amalga oshirganini aytib o‘tdi. Vazir Madaniyat Markazi o‘zining ko‘plab tadbirlari, loyihalari bilan haqiqiy xalq diplomatiyasini amalga oshirganini va do‘stlik ko‘prigini yaratganini bildirdi. Ozodbek Nazarbekov faoliyat muddati davomida samarali faoliyati, do‘stlik va hamkorlik, madaniy aloqalarning mustahkamlanishi borasida qilingan ishlar, loyihalar uchun O‘zbekistondagi Haydar Aliyev nomidagi Ozarbayjon Madaniyat Markazi direktori Samir Abbasovga chuqur minnatdorchilik bildirdi.
O‘zbekistondagi Haydar Aliyev nomidagi Ozarbayjon Madaniyat Markazi direktori Samir Abbasov faoliyat va hamkorlik uchun yaratgan yuksak sharoiti va dastagi, qo‘llab-quvvatlagani uchun O‘zbekiston davlatiga, uning rahbarligiga, Madaniyat vazirligiga o‘z tashakkurini bildirdi. Diplomat xalqlarimiz orasidagi tarixiy do‘stlikdan gapirib, davlat rahbarlarimizning muvaffaqiyatli siyosati, uchrashuvlari, topshiriqlari natijasida Ozarbayjon va O‘zbekiston o‘rtasida aloqalarning yuksalganini, madaniyat sohasida ko‘plab loyihalarning amalga oshirilganini aytib o‘tdi. Direktor Ozarbayjon Madaniyat vazirining qo‘llab-quvvatlashi bilan milliy madaniyatimizning, ikki o‘lka orasida do‘stlik va hamkorlikning targ‘iboti sohasida erishilgan muvaffaqiyatlar, istiqbollar borasida fikrlarini bildirdi.
Samir Abbasov O‘zbek xalqini juda ko‘p sevganini, qardosh o‘lkadan eng ajoyib taassurotlar bilan ketayotganini, O‘zbekistondagi diplomatik faoliyatdan g‘urur hissini tuyganini bildirdi.
Uchrashuv so‘nggida har ikkala tomon ham xotira bo‘lib qolishi uchun o‘z sovg‘alarini taqdim etdilar.
02.04.2024