XABARLAR 2024
ODPU Guba filialida “Ozarbayjon-O‘zbekiston turkiy dunyosi tanishtiruv va madaniyat markazi”ning ochilishi bo‘lib o‘tdi.
Ozarbayjon davlat pedagogika universiteti Guba filialida fan, adabiyot va siyosat xodimlaridan iborat hay’at va Nizomiy nomidagi Toshkent davlat pedagogika universitetining ishtirokida “Ozarbayjon-O‘zbekiston turkiy dunyosi tanishtiruv va madaniyat markazi”ning ochilishiga bag‘ishlangan tadbir kechasi o‘tkazildi.
Ozarbayjon davlat pedagogika universiteti Guba filiali va O‘zbekistondagi Haydar Aliyev nomidagi Ozarbayjon Madaniyat Markazining birgalikdagi tashabbusi va tashkilotchiligi bilan asos solingan “Ozarbayjon-O‘zbekiston turkiy dunyosi tanishtiruv va madaniyat markazi”ning ochilishiga bag‘ishlangan tadbirni kirish so‘zi bilan ochib bergan Ozarbayjon davlat pedagogika universiteti Guba filiali direktori, dotsent Yusuf Aliyev o‘z chiqishida Ozarbayjon-O‘zbekiston madaniy-adabiy aloqalarida katta ishlar qilgan O‘zbekistondagi Haydar Aliyev nomidagi Ozarbayjon Madaniyat Markazining so‘z yuritilayotgan loyihani amalga oshirishning ilk kunidan boshlab o‘z yordamini ayamaganini ta’kidlab, O‘zbekistondagi universitetlar va O‘zbekiston-Ozarbayjon do‘stlik jamiyati bilan aloqalarning yo‘lga qo‘yilishida Ozarbayjon Madaniyat Markazining muhim rol o‘ynaganini qayd etdi.
Chiqish qilgan keyingi ishtirokchi Ozarbayjon Fanlar akademiyasi prezidenti, akademik Iso Habibbeyli ikki qardosh mamlakat orasida adabiy-madaniy, ilmiy, tahsil aloqalarining kengayishida bu kabi loyihalarning muhimligi haqida so‘z yuritib, bunday bir markazning yaratilishida xizmati singgan barcha tashkilotlarga va insonlarga o‘z tashakkurini bildirdi.
Keyinchalik chiqish qilgan Nizomiy nomidagi Toshkent davlat pedagogika universiteti rektori, professor Abdug‘affor Qirg‘izboyev Ozarbayjonning nufuzli ta’lim muassasalaridan birida O‘zbekistonga oid bunday bir markazning yaratilishini o‘zbek xalqiga bo‘lgan buyuk hurmat va mehr-muhabbatning ifodasi sifatida baholadi. A.Qirg‘izboyev bunday markazlar nafaqat madaniy-adabiy aloqalar, balki ilm-fan, ta’lim sohasi integratsiyalashuviga ham ijobiy ta’sir ko‘rsatishini, zamin yaratishini ta’kidlab aytdi.
Chiqish qilganlar Milliy Majlis deputati Ozarbayjon-O‘zbekiston parlamentlararo ishchi guruhi a’zosi Jayhun Mammadov, ODPU Xalqaro aloqalar bo‘yicha prorektor, professor Mohira Husaynova, Boku Slavyan universiteti rektori, professor Anar Nag‘iyev, “O‘zbekiston-Ozarbayjon do‘stlik jamiyati” ijrochi direktori, professor Erkin Nuriddinov va boshqa mehmonlar kelajakda ikki qardosh o‘lka orasida ilm-fan, ta’lim, tahsil, adabiy-madaniy aloqalar sohasida ko‘riladigan ishlar, amalga oshiriladigan loyihalar haqida so‘z yuritdilar.
Tadbir so‘nggida Ozarbayjon Madaniyat Markazi xodimi Vugar Mirzayev markazning loyihasi bilan O‘zbekistonda Ozarbayjon Madaniyati va adabiyotiga doir amalga oshirilgan loyihalar borasida so‘z ochib, bu loyihalar orasida Haydar Aliyev 100 yilligiga, shuningdek, Ozarbayjon adabiyotiga, tarixiga, madaniyatiga oid nashrlar, so‘zlashuv va tarjima kitoblar, xotira pochta markalari va boshqa loyihalar haqida aytib o‘tdi.
Shuni o‘rinda ayitsh mumkinki, Ozarbayjon Madaniyat Markazi tomonidan chop etilgan nashrlardan iborat kitoblar to‘plami, xotira markalari yangi ochilgan “Ozarbayjon-O‘zbekiston turkiy dunyosi tanishtiruv va madaniyat markazi”ga ham sovg‘a qilindi.
06.05.2024