XABARLAR 2024
O‘zbekistonning oliy ta’lim muassasalarida Ozarbayjon tili va adabiyoti bilan bog‘liq ma’ruzalar o‘qilishi boshlandi.
O‘zbekistondagi Haydar Aliyev nomidagi Ozarbayjon Madaniyat Markazining tashabbusi va tashkilotchiligi bilan Nizomiy nomidagi Toshkent davlat pedagogika universiteti O‘zbek tili va adabiyoti fakultetida ta’lim olayotgan yuqori kurs talabalari va magistrantlar uchun Ozarbayjon tili va adabiyoti mavzusida ma’ruzalar o‘qilishi boshlandi.
O‘zbekistondagi Haydar Aliyev nomidagi Ozarbayjon Madaniyat Markazi xodimi, filologiya fanlari bo‘yicha falsafa doktori Karimulla Mammadzoda tomonidan o‘qilgan ma’ruzalarda Ozarbayjon adabiyoti tarixi haqida batafsil ma’lumot berilib, mavzu bilan bog‘liq talabalarda umumiy tasavvur yaratildi. Ma’ruza darslarida Ozarbayjon xalq og‘zaki ijodiyoti, Mumtoz adabiyot, XX asr boshlari va zamonavy davr Ozarbayjon adabiyoti haqida ma’lumotlar berilib, Turkiy xalqlar adabiyoti tarixi, Sharq adabiyoti va jahon adabiyotidan kelib chiqqan mushtarak qadriyatlar haqida so‘z ochilib, Ozarbayjon adabiyotining o‘zbek adabiyoti bilan qiyosiy holda o‘rganilishi haqidagi fikrlar ham muhokama qilindi.
Aytish kerakki, O‘zbekistondagi Haydar Aliyev nomidagi Ozarbayjon Madaniyat Markazining tashabbusi va tashkilotchiligi bilan Ozarbayjon madaniyati, san’ati, adabiyoti va tarixiga oid mavzularning O‘zbekiston oliy ta’lim muassasalari o‘quv dasturiga kiritilishi va ozarbayjonlik olimlarning O‘zbekiston oliy ta’lim muassasalarida ma’ruza o‘qishi loyihasi doirasida ishlarning bu yilgi o‘quv yilining oxirgacha davom ettirilishi va navbatdagi o‘quv yilida ham tashkil etilishi nazarda tutilmoqda.
03.05.2024