XABARLAR 2024
Ozarbayjonnning buyuk shoiri Muhammad Fuzuliy asarlari
o‘zbek tilida nashr etildi.
O‘zbekistondagi Haydar Aliyev nomidagi Ozarbayjon Madaniyat Markazining loyihasi bilan Ozarbayjonning daho shoiri Muhammad Fuzuliy asarlari O‘zbekistonda nashrga tayyorlandi. Buyuk shoirning asarlaridan iborat ikki jildlik”KUlliyot”ning birinchi jildida g‘azallar, ikkinchi jildida esa poemalar o‘rin olgan.
Ushbu nashr Ozarbayjonning buyuk shoiri Muhammad Fuzuliyning 530 yillik tavalludi munosabati bilan chop etildi.
Qayd etish kerakki, Muhammad Fuzuliyning asarlari O‘zbekistonda ilk marotaba 1959-yilda ikki jild holida krill alifbosi bilan nashr etilgan. Keyingi davrlarda shoirning asarlari turli mualliflar tomonidan nashrga tayyorlangan bo‘lsa ham, uning ijodini to‘liq qamrab ololmagan. O‘zbekistondagi Haydar Aliyev nomidagi Ozarbayjon Madaniyat Markazining loyihasi bilan o‘zbek tilida tayyorlangan ushbu nashr oradan yillar o‘tgach, Muhammad Fuzuliy asarlarini keng tarzda qamrab olishi bilan farqlanadi. Nashrda Fuzuliy asarlarining turli davrlarda o‘zbek tilida chop etilgan asarlaridan ham foydalanilgan. Shu bilan birga, yangi nashrda buyuk shoirning Ozarbayjon tilida chop etilgan asarlari, shuningdek Muhammad Fuzuliyning ona tilidagi “Devon”ining qo‘lyozma nusxalaridan ham foydalanilgan holda aniqliklar kiritilgan, avvalgi nashrlarda yo‘l qo‘yilgan xatolar tuzatilgan, izohlar, sharhlar ilova qilingan va so‘nggida kichik lug‘at ham tayyorlangan.
Ma’lumot o‘rnida aytish mumkinki, ushbu nashrning joriy yil 11-14-iyun kunlarida O‘zbekiston poytaxti Toshkentda o‘tkazilgan “Ozarbayjon Madaniyat kunlari” doirasida ilk taqdimoti bo‘lib o‘tdi. Ozarbayjon Madaniyat Markazi tomonidan esa oldimizdagi kunlarda asarning yana bir qancha oliy ta’lim muassasalarida taqdimotini o‘tkazish rejalashtirilgan.
Filologiya fanlari bo‘yicha falsafa doktori Karimulla Mammadzoda tomonidan nashrga tayyorlangan “Kulliyot”ning redaktorlari professor Nurboy Jabborov va dotsent Gulbahor Ashurovadir.
Ozarbayjon Madaniyat Markazi tomonidan ushbu nashrning O‘zbekistonning yetakchi oliy ta’lim muassasalariga, kutubxonalariga hech narsa evaziga taqdim qilinishi ham rejalashtirilgan.
21.06.2024