XABARLAR 2025
O‘zbekiston Milliy kutubxonasiga Ozarbayjonga oid ko‘plab
kitoblar sovg‘a qilindi.
Ozarbayjonning O‘zbekistondagi elchixonasi huzuridagi Haydar Aliyev nomidagi Madaniyat Markazi va Alisher Navoiy nomidagi O‘zbekiston Milliy kutubxonasi o‘rtasida uchrashuv bo‘lib o‘tdi.
Mazkur kutubxona direktori Umida Teshaboyeva O‘zbekistonda 12 ming kutubxona mavjud bo‘lib, ulardan 200 tasi ommaviy kutubxonalar ekanligini ma’lum qildi. Milliy kutubxona markazlashgan viloyat kutubxonalari bilan yaqin hamkorlik qiladi va ularning soni 14 tani tashkil etadi. Direktor Milliy kutubxonaning Ozarbayjon Madaniyat Markazi bilan yaqin hamkorligini, ikki davlat xalqlari o‘rtasidagi o‘zaro kelishuvni chuqurlashtirishga muhim hissa qo‘shayotganini qayd etib, Madaniyat markazi loyihasi bilan Milliy kutubxonada faoliyat ko‘rsatayotgan Ozarbayjon burchagi qardosh mamlakat, uning madaniyati, san’ati, tarixi va boshqalar bilan o‘zbek kitobxonlari yaqindan tanishishi uchun imkoniyat ekanini e’tirof etdi.
Ozarbayjon Madaniyat Markazi direktori Akif Marifli Ozarbayjon xalqida qadimdan kutubxona ishi, kitob mutolaasi yuksak madaniyatga ega ekanini, Ozarbayjon xalqi qalamga alohida hurmat bilan qarashini, uni bebaho boylik sifatida asrashini ta’kidladi. Uning so‘zlariga ko‘ra, bugungi kunda ham Ozarbayjonda qo‘lyozma namunalarini to‘plash, saqlash, o‘rganish va targ‘ib etishga katta e’tibor qaratilmoqda, har yili xalqaro kitob yarmarkalari o‘tkazilmoqda, bu yerda kitobxonlik madaniyati targ‘ib qilinmoqda, yozuvchi va kitobxonlar uchrashuvlari uchun maydon yaratilmoqda.
Uchrashuvda yanada yaqin hamkorlik, tadbir, taqdimot va loyihalarni amalga oshirish, mazkur kutubxona va Ozarbayjon kutubxonalari o‘rtasida aloqalarni yo‘lga qo‘yish, kutubxona fondini boyitish va kelgusida boshqa tadbirlarni amalga oshirish masalalari muhokama qilindi.
Uchrashuv yakunida Ozarbayjon Madaniyat Markazi tomonidan Milliy kutubxonaga Ozarbayjon madaniyati, tili, tarixi, adabiyoti va boshqalar mavzularga oid 500 dan ortiq kitoblar sovg‘a qilindi.
20.02.2025