XABARLAR 2025
O‘zbekistonda “Sharq birligi: “Mirzo Qadim Iravoniy va o‘zbek bezaklari” rasmlar tanlovi va ko‘rgazmasi o‘tkaziladi.
O‘zbekistondagi Haydar Aliyev nomidagi Ozarbayjon Madaniyat Markazi direktori Akif Marifli va O‘zbekiston Badiiy akademiyasi raisi Akmal Nur o‘rtasida uchrashuv bo‘lib o‘tdi.
Yig‘ilishda davlat rahbarlarimiz madaniyat, ayniqsa, tasviriy va amaliy san’atni rivojlantirishga katta e’tibor qaratayotgani ta’kidlandi. Ular tomonidan milliy merosni muhofaza qilish, ijodkorlarni qo‘llab-quvvatlash, xalqaro madaniy hamkorlikni mustahkamlash borasida amalga oshirilgan muhim qadamlar soha rivojiga katta turtki bo‘ldi.
O‘tgan yili O‘zbekistonda o‘tkazilgan Ozarbayjon madaniyati kunlari doirasida ochilgan “San’at durdonalarida yashayotgan Ozarbayjon milliy merosi” ko‘rgazmasi qardosh mamlakat jamoatchiligida katta qiziqish bilan kutib olingani ta’kidlandi. Ko‘rgazmada namoyish etilgan grafik ishlar, gilam va boshqa hunarmandchilik buyumlari tashrif buyuruvchilarda katta taassurot qoldirdi. Uchrashuvda ikki davlat o‘rtasida tasviriy va amaliy sanʼat ustalarining o‘zaro ko‘rgazmalarini o‘tkazish masalalari muhokama qilindi.
Yakunda esa Ozarbayjon Respublikasi Prezidenti Ilhom Aliyevning Mirzo Qadim Iravoniy tavalludining 200 yilligini nishonlash to‘g‘risidagi farmoni munosabati bilan Ozarbayjon Madaniyat Markazining ikki davlat rassomlari o‘rtasida “Sharq birlligi: Mirzo Qadim Iravoniy va o‘zbek bezaklari” tanlovini o‘tkazish taklifi, shuningdek, mazkur ko‘rgazmaning ochilishi, mahorat darslarining o‘tkazilishi O‘zbekiston Badiiy akademiyasi rahbariyati tomonidan qabul qilindi
27.02.2025