XABARLAR 2025
Toshkentda “Olovlar yurti – Ozarbayjon” kitobining taqdimoti bo‘lib o‘tdi.
Ozarbayjonning O‘zbekistondagi elchixonasi huzuridagi Haydar Aliyev nomidagi Ozarbayjon Madaniyat Markazi tashabbusi bilan taniqli o‘zbekistonlik tadqiqotchi-jurnalist Sharofiddin To‘laganovning o‘zbek tilida nashr etilgan “Olovlar yurti – Ozarbayjon” kitobining taqdimot marosimi bo‘lib o‘tdi.
Alisher Navoiy nomidagi Milliy kutubxonada o‘tkazilgan marosimda Ozarbayjonning O‘zbekistondagi elchisi Husayn Guliyev, O‘zbekiston fan va madaniyat arboblari, shoir va yozuvchilar, jurnalistlar, talabalar ishtirok etdi.
Tadbir moderatori O‘zbekiston Jurnalistlar uyushmasi raisi Xolmurod Salimov taqdimot marosimini ochib, taniqli jurnalist Sharofiddin To‘laganovning ijodi haqida ma’lumot berib, uni Ozarbayjonni sevadigan jurnalist sifatida ta’rifladi. Keyinroq so‘zga chiqqan elchi Husayn Guliyev Sharofiddin To‘laganov Ozarbayjonni sevadigan jurnalist ekanligini, elchixonamiz bilan doimiy hamkorlik qilib kelayotganini, mamlakatimizga bir necha bor tashrif buyurganini, ishg‘oldan ozod qilingan yerlarimizga borganini, arman vandalizmini o‘z ko‘zi bilan ko‘rganini aytdi. “Olovlar yurti – Ozarbayjon” ushbu tashriflar natijasida yaralgan kitobdir. Husayn Guliyev, shuningdek, mazkur nashrda Ozarbayjon xalqi, davlatchilik tarixi, madaniyati, san’ati, adabiyoti, milliy bayramlari, motam kunlari, Ozarbayjon Prezidenti Ilhom Aliyev, Birinchi vitse-prezident Mehribon Aliyeva, Shusha, Qorabog‘ madaniyat markazi, yerlarimizni Armaniston bosqinidan ozod qilish, Ozarbayjon va Ozarbayjonning madaniy aloqalari haqida keng ma’lumotlar borligini ta’kidladi.
O‘zbekiston Milliy axborot agentligi direktori Abdusaid Kuchimov Ozarbayjon va O‘zbekiston o‘rtasidagi madaniy aloqalar tarixi, shoir va yozuvchilarimiz, olimlarimiz do‘stligi haqida so‘z yuritar ekan, Ozarbayjon va O‘zbek xalqlarining buyuk oʻgʻli, o‘zbek adabiyotining klassikasiga aylangan Maqsud Shayxzoda ijodi haqida so‘zlab berdi. Sharofiddin To‘laganovning “Olovlar yurti - Ozarbayjon” kitobi Ozarbayjon haqida so‘nggi yillarda O‘zbekistonda chop etilgan eng yaxshi kitob ekanini alohida ta’kidladi.
Alisher Navoiy nomidagi Milliy kutubxona direktori Umida Teshaboyeva Sharofiddin To‘laganov ijodi haqida gapirib, uni O‘zbekistonning eng iste’dodli jurnalisti sifatida tavsiflab, jurnalistning kitoblarini yaqinda Fransiyaga jo‘natganliklarini ta’kidladi.
So‘ngra shoir va yozuvchi To‘lqin Eshbek, jurnalist Islom Zokirov va boshqalar so‘zga chiqib, Sharofiddin To‘laganov ijodi haqida gapirib, uni professional jurnalist, do‘st, deya ta’rifladi.
Yakunda Sharofiddin To‘laganov Ozarbayjonning O‘zbekistondagi elchixonasiga hamkorlik, yaratilgan shart-sharoitlar va taqdimot marosimi, elchixona qoshidagi Haydar Aliyev nomidagi Ozarbayjon Madaniyat Markazi va Alisher Navoiy nomidagi Milliy kutubxonaga kitobning yaratilishida ko‘rsatgan yordamlari uchun minnatdorchilik bildirib, kitob ustidagi ishlari haqida gapirdi.
13.03.2025