XABARLAR 2023
Oʻzbekistonda Xoʻjayli qirgʻiniga bagʻishlangan xotira tadbiri boʻlib oʻtdi.
Ozarbayjonning Oʻzbekistondagi elchixonasi, elchixona qoshidagi Haydar Aliyev nomidagi Ozarbayjon Madaniyat markazi tashabbusi bilan Xoʻjayli fojiasiga bagʻishlangan marosim oʻtkazildi.
Tadbirda Ozarbayjonning Oʻzbekistondagi elchisi Huseyn Guliyev, Oʻzbekiston-Ozarbayjon Doʻstlik Jamiyati Ijrochi kotibi, professor Erkin Nuriddinov, Oʻzbekistonning ilm, madaniyat va sanʼat namoyandalari, Toshkentda yashovchi ozarbayjonlar, talabalar va jurnalistlar ishtirok etdi.
Tadbir ishtirokchilari Xoʻjayli qirgʻini va qardosh Turkiya Respublikasida yuz bergan tabiiy ofat paytida halok boʻlganlar xotirasiga bir daqiqalik sukut saqladilar. Din ulamosi fojia qurbonlarining ruhlari uchun Qurʼon oyatlaridan tilovat qildi.
Soʻngra, soʻzga chiqqan elchi Huseyn Guliyev Xoʻjayli fojiasining sabablari haqida batafsil gapirib, bundan 31 yil avval arman jangarilari bir kechada Xoʻjayli shahrini yer yuzidan yoʻq qilib tashlashmoqchi boʻlgani, shahar aholisini shafqatsizlarcha oʻldirganini taʼkidladi. Ushbu qirgʻin paytida Xoʻjayli aholisidan yuzlab keksalar, ayollar va bolalar shafqatsizlik bilan oʻldirilgan.
Elchi 1994-yilning fevral oyida Umummilliy lider Haydar Aliyev tashabbusi bilan Ozarbayjon Milliy Majlisida Xoʻjayli genotsidiga siyosiy va huquqiy baho berilib, 26-fevral sanasi Xoʻjayli qirgʻini kuni deb eʼlon qilinganini qayd etib, Haydar Aliyev Fondining vitse-Prezidenti, Muloqot va Hamkorlik yoʻlidagi Islom konferensiyasi Yoshlar Forumining Madaniyatlararo muloqot boʻyicha bosh koordinatori Laylo Aliyevaning tashabbusi bilan 2008-yilning 8-may sanasida tashkil etilgan “Xoʻjayli uchun adolat!” xalqaro targʻibot va axborot kampaniyasi haqida soʻzlab, Xoʻjayli genotsidining dunyo afkor-ommasi tomonidan tan olinishi, jahon davlatlarining ushbu insoniy fojiaga adolatli munosabatiga eʼtibor qaratdi.
Diplomatning urgʻulashicha, Xoʻjayli genotsidi hozirgacha dunyoning 16 davlati, AQSHning 24 shtati tomonidan tan olingan va qoralangan. Bundan tashqari, Islom hamkorlik tashkiloti Xoʻjayli genotsidiga oid 13 ta hujjatni qabul qildi. 57 davlatni birlashtirgan ushbu tashkilot 2012-yilning 30-yanvar sanasida Xoʻjayli genotsidini rasman tan olib, fojia XX-asrning dahshatli jinoyatlari hisoblangan Xatin, Xirosima, Nagasaki hamda Holokost qirgʻinlari bir qatorda ekanligini eʼtirof etdi.
Oʻzbekiston-Ozarbayjon Doʻstlik Jamiyati ijrochi kotibi, professor Erkin Nuriddinov oʻz nutqida insoniyat tarixidagi eng katta fojialardan biri hisoblangan va yaqin oʻtmishda butun dunyo koʻz oldida yuz bergan Xoʻjayli qirgʻini insonlar uchun juda katta saboq ekaniga eʼtibor qaratib, har bir davlatning Ozarbayjon xalqiga qarshi sodir etilgan bu voqeani insoniyat fojiasi deb qabul qilishi, bundan xulosa chiqarib, bu kabi fojialarning oldini olish uchun amaliy ishlarni amalga oshirish lozim ekanini qayd etdi. Afsuski, baʼzi davlatlar ushbu fojiada oʻzining adolatli pozitsiyasini koʻrsatishmadi. Lekin Ozarbayjon xalqi va davlati adolatli pozitsiya namoyish qilib, bir tomondan, voqeani unutmadi, ikkinchi tomondan, Xoʻjayliga nisbatan dunyodan adolat talab qildi.
Yevropa Akademiyasi akademigi, Birlashgan Millatlar Tashkilotining yaxshi niyat elchisi Almaz Majidova soʻzga chiqib, armanlarning butun dunyo qarshisida Ozarbayjon xalqiga qarshi sodir etgan bu mudhish voqeaga befarq boʻlmaslik lozimligi, armanlar Ozarbayjon xalqi boʻlgan keksalar, ayollar, bolalarga nisbatan dahshatli qiynoqlar va zulm oʻtkazishganini bildirdi. Bu butun insoniyatga qarshi qaratilgan jinoyat ekani va xalqaro siyosiy maydonda bunday harakatni sodir etgan davlatga boʻlgan munosabat ham shunga mos boʻlishi kerak ekaniga urgʻu qaratildi.
Tadbir ishtirokchilari Xoʻjayli fojiasi, Armaniston-Ozarbayjon mojarosiga oid kitoblar va fotosuratlar koʻrgazmasi bilan tanishib, Xoʻjayli qirgʻini haqidagi filmni tomosha qildilar.
Yakunda qurbonlar ruhiga ehson dasturxoni yozildi.
23.02.2023