XABARLAR 2022
O‘zbekistonda “Turkiston va Kavkazning noyob tarixiy xaritalari”
ko‘rgazmasi ochiladi
Joriy yilning 9 dekabr kuni Nizomiy nomidagi Toshkent Davlat Pedagogika universitetida mamlakatimiz fan, ta’lim sohasi vakillari, olim va tadqiqotchilar ishtirokida “Turkiston va Kavkazning noyob tarixiy xaritalari” Ozarbayjon-O‘zbekiston-Turkiya ko‘rgazmasi ochilishi rejalashtirilgan.
O‘zbekistondagi Haydar Aliyev nomidagi Ozarbayjon Madaniyat markazi tomonidan tashkil etilgan ko‘rgazma O‘zbekiston Madaniyat vazirligi, Anqaradagi Turkiya Tarix va Madaniyat jamg‘armasi tomonidan ham qo‘llab-quvvatlanmoqda.
Toshkent Davlat Pedagogika universiteti Markaziy foyesida namoyish etilishi ko‘zda tutilayotgan ko‘rgazmada Markaziy Osiyo, qadimgi davr, o‘rta asrlar, shuningdek, Sovet davridagi Kavkaz tarixiy xaritalarining nusxalari namoyish etiladi.
Qayd etish joizki, Turkiy davlatlar Tashkilotining Samarqand sammiti doirasida Anqaradagi Turk tarixi va madaniyati jamg‘armasi va O‘zbekistonning Turizm va madaniy meros vazirligi tomonidan tashkil etilgan Turkistonning noyob xaritalari va tarixiy fotosuratlari Nizomiy nomidagi Toshkent Davlat Pedagogika universitetida namoyishi nazarda tutilayotir. Ushbu xaritalar taniqli geograflar tomonidan tuzilgan va turkiy xalqlarning tarixi va tarqalishini aks ettirishi bilan e’tiborlidir.
Turkiston va Kavkazning tarixiy xaritalari ko‘rgazmasini o‘tkazish taklifi O‘zbekistondagi Haydar Aliyev nomidagi Ozarbayjon Madaniyat markazi direktori Samir Abbasov tomonidan Turk Tarixi va Madaniyati jamg‘armasi rahbari Nizomettin Aykurt bilan uchrashuv chog‘ida ilgari surilgan.
Uchrashuvda Nizomettin Aykurt Samir Abbasovga 1872-yilda tuzilgan va o‘sha davrdagi Yevropa, Kichik Osiyo yarim oroli va Kavkaz hududlarini o‘zida jamlagan “Yustinian hukmronligining oxiriga qadar Yevropa” (milodiy 560-yil) tarixiy xaritasini taqdim etdi. Xaritada bundan tashqari, Kavkaz Albaniyasi va Atropatena kabi Ozarbayjon davlatlari ham joy olgan.
Suhbat jarayonida Samir Abbasov xaritalar sohasida alohida ziyraklik ko‘rsatish muhimligini ta’kidlab, noto‘g‘ri tartiblangan xaritalar dunyoning bir qator muzeylarida namoyish etilganini qayd etdi. U mintaqaning soxtalashtirilmagan va haqiqatni aks ettiruvchi tarixiy xaritalarini Ozarbayjon va O‘zbekiston muzeylariga taqdim etish alohida ahamiyatga ega ekanligini e’tirof etdi hamda tomonlar bu borada birgalikda hamkorlik qilishga kelishib oldilar.
28.11.2022